Amerikaning SpaceX kompaniyasi Mars va Oy missiyalari uchun ishlab chiqilayotgan Starship o‘ta og‘ir raketa tizimining navbatdagi sinov parvozini amalga oshirdi.

Parvoz Texas shtatidagi Starbase kosmodromidan mahalliy vaqt bilan soat 17:30 da uchirilgan. Jarayon kompaniya tomonidan jonli efirda namoyish etilgan.

SpaceX ma’lumotiga ko‘ra, o‘n ikkinchi sinov parvozi takomillashtirilgan Raptor dvigatellari bilan jihozlangan yangi avlod Starship kosmik kemasi va Super Heavy tezlatkichining ilk parvozini anglatadi.

Qayd etilishicha, Starship V3 modifikatsiyasi insoniyat tarixidagi eng yirik va eng qudratli raketa tizimi hisoblanadi. Uning balandligi 120 metrdan oshadi. Super Heavy tezlatkichining tortish quvvati NASAning SLS raketa tizimidan qariyb ikki baravar yuqori.

Dastlab raketani 21-may kuni uchirish rejalashtirilgan edi. Biroq so‘nggi daqiqalarda aniqlangan texnik nosozlik sabab parvoz bir kunga qoldirilgan.

65 daqiqaga mo‘ljallangan sinov dasturiga ko‘ra, bosqichlar ajralganidan keyin Super Heavy tezlatkichi Meksika ko‘rfaziga qo‘ngan. Starship kemasi esa Yer atrofida to‘liqsiz aylanishni amalga oshirib, Avstraliyaning shimoli-g‘arbidagi Hind okeaniga nazoratli ravishda qo‘ndirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Starship tizimining shu paytgacha o‘tkazilgan 12 ta sinov parvozidan 6 tasi muvaffaqiyatli deb baholangan.

The Wall Street Journal nashri yozishicha, SpaceX rahbari Ilon Mask joriy yil oxirigacha Starship’ni boshqariladigan parvozlar uchun sertifikatlashga umid qilmoqda.

Mazkur sinov 2025-yil oktabridan buyon Starship dasturi doirasida amalga oshirilgan ilk parvoz bo‘ldi.