Amerikalik milliarder Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldoshlari orbitada Xitoy sun’iy yo‘ldoshlari bilan to‘qnashib ketishiga bir baxya qolgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda kompaniya bayonotiga tayanib, Euronews xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa o‘tgan hafta sodir bo‘lgan. SpaceX ma’lumotiga ko‘ra, Starlink sun’iy yo‘ldoshlari Xitoyning CAS Space kompaniyasi tomonidan uchirilgan to‘qqizta sun’iy yo‘ldoshga halokatli darajada yaqinlashgan. Ular orasidagi masofa atigi 200 metrni tashkil etgan.
SpaceX’ning Starlink injeneringi bo‘yicha vitse-prezidenti Maykl Nikols ushbu holat sun’iy yo‘ldosh operatorlari o‘rtasida yetarli koordinatsiya yo‘qligi sabab yuzaga kelganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, operatorlar efemeris, ya’ni orbital joylashuv ma’lumotlarini o‘zaro ulashmasa, kosmosda xavfli vaziyatlar kelib chiqishi mumkin.
Sun’iy yo‘ldoshlar kundalik hayotda GPS navigatsiyasi, ob-havo prognozlari va moliyaviy tizimlar faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Yer orbitasining tobora tirbandlashib borayotgani fonida bunday hodisalar sun’iy yo‘ldoshlarni boshqarish va muvofiqlashtirish zaruratini yanada kuchaytirmoqda.
AQSHning Space Foundation notijorat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda orbitaga rekord darajada — qariyb 2800 ta sun’iy yo‘ldosh uchirilgan. Ularning katta qismi SpaceX’ning Starlink dasturiga to‘g‘ri keladi. Jahon iqtisodiy forumi 2024-yilda e’lon qilgan hisobotda Yerning past orbitasidagi sun’iy yo‘ldoshlar soni keyingi o‘n yillikda 190 foizga oshishi kutilayotgani qayd etilgan.
CAS Space kompaniyasi Maykl Nikolsning tanqidiga javoban hodisa uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan, biroq kelgusida hamkorlikni yaxshilashga chaqirgan. Kompaniya barcha uchirishlarda to‘qnashuvlarning oldini olish uchun yer usti kosmik xabardorlik tizimidan foydalanishini ma’lum qilgan.
Mutaxassislar bunday holatlar kosmik chiqindilar sonining ortishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. To‘qnashuvlar natijasida hosil bo‘ladigan chiqindilar keyingi sun’iy yo‘ldoshlarga va kelajakdagi missiyalarga xavf tug‘dirishi mumkin. Shu munosabat bilan ekspertlar “Kessler sindromi” xavfi haqida ham eslatmoqda. Ushbu nazariyaga ko‘ra, kosmik chiqindilar sonining haddan tashqari ko‘payishi zanjirli to‘qnashuvlarni keltirib chiqarib, orbitaning ayrim qismlarini foydalanish uchun yaroqsiz holga keltirishi mumkin.