Elektron sigaretalardan (veyp) foydalanish miokard infarkti, ya’ni yurak xuruji xavfini sezilarli darajada oshirishi aniqlangan. Bu haqda so‘nggi ilmiy tadqiqot natijalariga tayanib, News Medical xabar berdi.

Ertt

BMC Public Health jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda elektron sigareta iste’moli bilan yurak xuruji va insult xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilingan. Tadqiqot doirasida avvalgi yillarda o‘tkazilgan 12 ta ilmiy ish ma’lumotlari umumlashtirilgan. Yurak xuruji xavfini baholashda 430 875 nafar, insult xavfini o‘rganishda esa 1 milliondan ortiq ishtirokchining ma’lumotlari tahlil qilingan.

Natijalarga ko‘ra, elektron sigareta iste’mol qiluvchilarda yurak xurujiga uchrash ehtimoli ularni umuman ishlatmaydiganlarga nisbatan 53 foizga yuqori bo‘lgan. Ayniqsa, oddiy sigaret chekishni tashlab, elektron sigaretaga o‘tgan shaxslarda yurak-qon tomir xavflari yuqoriligi qayd etilgan.

Xususan, avval chekuvchi bo‘lib, keyinchalik faqat elektron sigareta iste’mol qilgan sobiq chekuvchilarda insult xavfi umuman chekmaganlarga nisbatan 73 foizga yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqotchilar bu holat elektron sigaretalarni zararsiz muqobil sifatida qabul qilish noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

Ma’lumki, oddiy sigaret chekish uzoq yillardan buyon koronar arteriya kasalligi, gipertoniya va insultning asosiy xavf omillaridan biri hisoblanadi. Elektron sigaretalar esa tamaki sanoati tomonidan chekishni tashlashga yordam beruvchi vosita sifatida targ‘ib qilingan.

Biroq elektron sigaretalar tarkibidagi nikotinli suyuqliklar qizdirilganda aerozolga aylanadi. Ularning asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan propilen glikol qizdirilish jarayonida yurak-qon tomir tizimi uchun zararli bo‘lishi mumkin bo‘lgan aldegidlar va boshqa reaktiv birikmalarni hosil qilishi qayd etilgan.