Gallup instituti tomonidan o‘tkazilgan global tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda dunyo bo‘ylab insonlar orasida xavotir, stress va g‘azab kabi salbiy hissiyotlar sezilarli darajada kuchaygan. Bu haqda 13-oktyabr kuni e’lon qilingan “Dunyo hissiy salomatligi holati — 2025” hisobotida ma’lum qilindi.

Ynuy

Tadqiqot 144 ta mamlakat va mintaqada 15 yoshdan katta respondentlar o‘rtasida o‘tkazilgan. 2024-yilda so‘rovda qatnashgan kattalarning 39 foizi ko‘p xavotirlanganini, 37 foizi esa kuchli stressni boshdan kechirganini bildirgan.

Hisobotda urush yoki mojarolar ta’sirida bo‘lgan davlatlarda salbiy hissiyotlar darajasi yuqoriligi ta’kidlangan. Xavotir darajasi 2024-yilda biroz kamayib, pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichga qaytgan bo‘lsa-da, 2014-yildagidan 5 foizga yuqoriligicha qolmoqda.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra:

  • jismoniy og‘riq 32 foizga oshgan;
  • qayg‘u darajasi o‘zgarmagan (26 foiz);
  • g‘azab darajasi ham o‘zgarmagan (22 foiz).

Umuman olganda, so‘nggi o‘n yilda salbiy hissiyotlar darajasi ancha yuqori bo‘lib qolmoqda. Ayollar erkaklarga nisbatan ko‘proq xavotir, qayg‘u va jismoniy og‘riqni his qilgani aniqlangan.

Tadqiqot natijalari 14-oktyabr kuni Berlinda o‘tadigan Jahon sog‘liqni saqlash sammitida taqdim etildi. Sammitda siyosatchilar, iqtisodchilar va boshqa soha vakillari insonlarning hissiy farovonligini yaxshilash masalalarini muhokama qiladi.

Hisobot mualliflari ayrim mamlakatlarda rahbarlar iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratib, aholining hissiy salomatligini e’tibordan chetda qoldirayotganini tanqid qilgan. Ularning fikricha, salbiy hissiyotlar insonlarning e’tiborini kamaytiradi, chidamliligini pasaytiradi va ijtimoiy beqarorlikni kuchaytiradi.

Shu bilan birga, ijobiy holatlar ham qayd etilgan:

  • 88 foiz respondent o‘ziga hurmat bilan munosabatda bo‘linganini aytgan (bu 2023-yildagiga nisbatan 3 foizga ko‘p);
  • 73 foiz odam ko‘proq kulgan yoki tabassum qilgan;
  • 52 foiz kishi yangi narsani o‘rgangan yoki qiziqarli faoliyat bilan shug‘ullangan.

Hisobotda qayd etilishicha, insonlarning hissiy holatini yaxshilash iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi.