Har bir oila 1200 sahifadan iborat 2 jildli kitobni oladi.

Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati aholisiga mahalliy hokimiyat tomonidan Abdulqosim Firdavsiyning «Shohnoma» dostoni ikki jildli nashri bepul tarqatildi. Har bir oilaga har biri 1200 sahifadan iborat 2 jilddan kitob beriladi, deb yozdi Asia-Plus.

Tojikistonning Madaniyat vazirligi nashrlar departamenti «Shohnoma» dostoni 2026 yilgacha yetarli tirajda nashr etilishi va barcha hududlar aholisiga tarqatilishini ma’lum qilgan.

Qayd qilinishicha, «Shohnoma» Tojikiston prezidenti zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chop etilmoqda. Kitobning so‘zboshisida yozilishicha, u Imomali Rahmon tomonidan davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilingan.

«Shohnoma» kitobini nashr etish va mamlakat aholisiga bepul tarqatish bo‘yicha topshiriq 2023 yil dekabr oyida Tojikiston prezidenti tomonidan akademik Bobojon G‘afurov tavalludining 115 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan Xalqaro simpoziumda berilgan edi.

Tojik she’riyatining mumtoz vakili Abulqosim Firdavsiy o‘zining «Shohnoma» dostonini 30 yildan ortiq vaqt davomida yozgan. Bu asar jahon adabiyotidagi eng buyuk dostonlardan biri hisoblanadi.