Qozog‘istonning Cybernet AI startapi turkiy tillar uchun mo‘ljallangan eng yirik nutqni avtomatik tanib olish (ASR) modelini taqdim etdi. Ushbu loyiha Markaziy Osiyoda yaratilgan, turkiy tillar guruhi xususiyatlariga moslashtirilgan birinchi to‘laqonli sun’iy intellekt modeli sifatida e’tirof etilmoqda.

Loyiha Microsoft GPU infratuzilmasida, Astana Hub hamda Qozog‘iston Respublikasi Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligining strategik ko‘magida amalga oshirilgan.
Astana Hub boshqaruvchi direktori Tanat Uskembayevning ta’kidlashicha, ushbu ishlanma turkiy tillarda so‘zlashuvchi mamlakatlarga o‘z ona tilida raqamli xizmatlar va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni sun’iy intellekt yordamida sifatni yo‘qotmagan holda va arzon narxlarda kengaytirish imkonini beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Qozog‘iston uchun global sun’iy intellekt mahsulotlari iste’molchisi bo‘lishdan xalqaro miqyosda raqobatbardosh texnologiyalarni ishlab chiquvchi davlatga aylanish sari muhim qadamdir.
Yangi ASR modeli qozoq, turk, o‘zbek, qirg‘iz, ozarbayjon va tatar tillari asosida ishlab chiqilgan. Shuningdek, u Markaziy Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan aralash turkiy-ruscha nutqni ham aniq tanib olish imkoniyatiga ega.
Shu paytgacha mintaqa davlatlari asosan ingliz tiliga moslashtirilgan xalqaro ASR modellaridan foydalanib kelgan. Bunday yechimlar esa turkiy tillarga xos fonetika, talaffuz va kod-almashuvni yetarlicha hisobga olmagani sababli ovozli sun’iy intellekt xizmatlari sifatini cheklab qo‘yar edi.
Cybernet AI texnik direktori Rashid Ismailovning aytishicha, kompaniya ingliz tilidagi modellarni moslashtirishdan ongli ravishda voz kechib, dastlabdan jonli va aralash so‘zlashuv nutqini tushuna oladigan ASR modelini yaratgan. Unga ko‘ra, ushbu loyiha nafaqat texnologik mahsulot, balki sun’iy intellektning mahalliy ekotizimi va texnologik mustaqilligini shakllantirishga qo‘shilgan hissadir.
Yangi model bank va moliya tashkilotlari, telekommunikatsiya operatorlari, aloqa markazlari, logistika va xizmat ko‘rsatish kompaniyalari hamda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi davlat idoralari uchun mo‘ljallangan. Ishlab chiquvchilar fikricha, u mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini kamaytirish, ovozli xizmatlarning uzluksiz ishlashini ta’minlashga yordam beradi.
ASR modeli shovqinli muhitga, turli talaffuzlarga va bir gap ichida tillarning almashishiga chidamli bo‘lib, fintexdan tortib davlat xizmatlarigacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda yuqori aniqlik ko‘rsatkichlarini namoyish etmoqda.