Ukrainaning SkyFall kompaniyasi Dubaydagi aviako‘rgazmada 3D-printerda chop etilgan korpusga ega P1-Sun nomli yangi tutib oluvchi dronini tanishtirdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
SkyFall hozirda Vampire va Shrike FPV jangovar dronlarini ishlab chiqarmoqda. Yangi P1-Sun droni 300 km/soatgacha tezlashishi, 5000 metr balandlikka ko‘tarilishi va modulli tuzilma asosida ishlab chiqilgani bilan ajralib turadi.
Kompaniya dron Rossiyaning “Geran-2” zarba beruvchi apparatlariga qarshi Ukraina qo‘shinlari tajribasi asosida yaratilganini ma’lum qildi. SkyFall vakillariga ko‘ra, P1-Sun vertolyotlarga qarshi ham qo‘llanishi mumkin. Kompaniya har oyda minglab shunday dronlar ishlab chiqarilayotganini bildirgan.
Ukraina strategik sanoat sohasi bo‘yicha vazir maslahatchisi Aleksandr Kamıshin avvalroq Shahed turidagi dronlarga qarshi arzonroq, taxminan 5000 dollarlik dronlar ishlab chiqarish zarurligini ta’kidlagan edi. Taqqoslash uchun, Rossiyaning “Geran-2” droni 35 ming dollar atrofida turadi.
SkyFall avvalroq o‘z FPV dronlarini dushman apparatlarini urib tushirishga moslashtirayotganini bildirgan. Kompaniyaga ko‘ra, ular konfiguratsiyaga qarab 300–500 dollar turadi va ikki xil mexanizmda ishlaydi:
- dushman droniga yaqin borib portlab, bo‘laklari orqali uni ishdan chiqarish;
- bevosita to‘qnashib urib tushirish.
Dubay ko‘rgazmasida kompaniya yangilangan Vampire va Shrike FPV dronlarini ham namoyish etdi. SkyFall mahsulotlarining 85 foizi Ukrainada ishlab chiqariladi.