Xitoylik astronomlar RR Lira turkumiga mansub o‘zgaruvchan yulduzlar yordamida Somon yo‘lida gipertezkor yulduzlarni aniqlash bo‘yicha keng qamrovli tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqot natijalari The Astrophysical Journal jurnalida e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, gipertezkor yulduzlar galaktikaning tortishish kuchiga bo‘ysunmaydigan darajada yuqori tezlikda harakatlanadi. Somon yo‘li uchun qochish tezligi taxminan 550 km/s bo‘lsa, bunday obyektlarda u 1000 km/s dan oshadi. Olimlar ularning paydo bo‘lishini ko‘pincha galaktika markazidagi Sagittarius A* qora tuynugi bilan bog‘laydi.
Pekin universiteti olimi Xaochju Fu boshchiligidagi tadqiqotchilar RR Lira yulduzlariga e’tibor qaratgan. Bu yulduzlar yorqinligi va pulsatsiya davri yaxshi o‘rganilgani sababli kosmik masofalarni aniq o‘lchashda muhim ahamiyatga ega.
Olimlar Sloan Digital Sky Survey hamda Gaia sun’iy yo‘ldoshi ma’lumotlariga asoslangan ikki yirik katalogni tahlil qilib, dastlab 165 ta nomzodni saralab olgan. Batafsil tahlillar natijasida 87 ta eng ishonchli gipertezkor RR Lira yulduzi aniqlangan. Ulardan yettitasining tezligi 800 km/s dan yuqori ekani qayd etilgan.
Aniqlangan obyektlar ikki hududda — Somon yo‘li markazi yaqinida hamda Katta va Kichik Magellan bulutlari atrofida jamlangani ma’lum bo‘ldi. Tadqiqotchilarga ko‘ra, Gaia’ning kelajakdagi kuzatuvlari bu yulduzlarning kelib chiqishini aniqlash va galaktikaning gravitatsion tuzilishini chuqurroq o‘rganish imkonini beradi.