The Independent’ning yozishicha, Xitoyning Lingkong Tianxing aerokosmik kompaniyasi uzoq masofaga uchuvchi, gipertovush tezligiga ega bo‘lgan va ustki qoplamasida ko‘pikli beton qo‘llangan yangi raketa — YKJ-1000 modelini namoyish qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, raketa 1300 kilometr masofani bosib o‘tishga qodir bo‘lib, aynan konstruktsiyadagi yangicha yondashuv — ko‘pikli beton qoplamasi uning xarajatlarini sezilarli kamaytirgan.
Narxi AQSH raketalaridan qariyb 40 baravar arzon
Raketaga taxminiy baho 700 ming yuan (taxminan 99 ming dollar) deb ko‘rsatilmoqda. Taqqoslash uchun, AQSHning o‘xshash raketalari 4–15 million dollar turadi. Shu bois YKJ-1000 global mudofaa bozorida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Ekspertlar nima deydi?
Harbiy sharhlovchi Vey Dongsuning ta’kidlashicha, gipertovushli raketaning arzonligi uni ayniqsa rivojlanayotgan va harbiy byudjeti cheklangan davlatlar orasida mashhur qilishi mumkin.
Uning fikricha:
“Agar bu raketa xalqaro mudofaa bozoriga chiqarilsa, u juda raqobatbardosh bo‘ladi. Ko‘pgina davlatlar hali bunday darajadagi raketalarni ishlab chiqa olmayapti. Uzoq masofaga uchishi, kuchli zarba berish qobiliyati va arzon narxi sabab talab juda yuqori bo‘lishi mumkin”.
Xitoyning mazkur yangiligi global harbiy texnologiyalar bozorida yangi raqobat bosqichini boshlab berishi mumkinligi qayd etilmoqda.