Xitoylik olimlar past Yer orbitasidagi sun’iy yo‘ldoshlarni ishdan chiqarishi mumkin bo‘lgan yuqori quvvatli mikroto‘lqinli qurolni ishlab chiqdi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, TPG1000Cs deb nomlangan mazkur qurilma Sian shahrida joylashgan Shimoli-g‘arbiy yadro texnologiyalari institutida yaratilgan. U bir daqiqa davomida 20 gigavattgacha quvvatga ega impulslarni hosil qilish imkoniyatiga ega. Nashrga ko‘ra, bunday quvvat past orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlarga, jumladan, Ilon Maskka tegishli Starlink tizimiga zarar yetkazishi yoki ularni to‘liq ishdan chiqarishi mumkin.
Qayd etilishicha, mikroto‘lqinli qurolning uzunligi 4 metr, og‘irligi esa qariyb 5 tonnani tashkil etadi. Nisbatan ixcham hisoblangan ushbu uskuna yuk mashinasiga, harbiy kema yoki samolyotga, hatto kosmik apparatga ham o‘rnatilishi mumkin. Agar qurilma koinotda joylashtirilsa, uning manbasini aniqlash va ta’sirini to‘xtatib qolish ancha mushkul bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
Nashrda keltirilishicha, ilgari ishlab chiqilgan shunga o‘xshash tizimlar ancha og‘ir bo‘lgan va atigi uch soniyadan ortiq ishlay olmagan.
Xitoyda bunday qurol yaratilgani haqidagi ma’lumotlar kosmosni harbiylashtirish masalasi tobora ko‘proq muhokama qilinayotgan bir vaqtda e’lon qilindi. Fevral oyi boshida rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyov “Rossiya 1” telekanali efirida Starlink sun’iy yo‘ldosh internetini “qonuniy nishon” deb atagandi. Bu Ilon Mask Ukrainadagi rossiyalik harbiylar uchun Starlink xizmatidan foydalanishni cheklagani bilan izohlangan. Solovyov Starlink tizimini koinotda yadroviy portlash orqali yo‘q qilish ehtimolini ham tilga olgan.
Shu bilan birga, AQSH Kosmik kuchlari razvedkasining 2025-yil mart oyidagi hisobotida Xitoyning harbiy-kosmik salohiyati keskin oshgani qayd etilgan. Hisobotga ko‘ra, 2015-yildan buyon Xitoyning kosmik operatsiyalari hajmi 620 foizga ko‘paygan, mamlakat tasarrufida esa mingdan ortiq sun’iy yo‘ldosh mavjud. Xitoy Xalq ozodlik armiyasi kosmik operatsiyalarni ehtimoliy mintaqaviy mojarolarni tiyib turish vositasi sifatida ko‘rishi mumkinligi ham ta’kidlangan.