Xitoyda chatbot foydalanuvchisi sun’iy intellekt yordamchisining noto‘g‘ri ma’lumot bergani sababli sudga murojaat qildi. Bu holat mamlakatda generativ sun’iy intellekt xatolari bilan bog‘liq ilk sud ishi sifatida qayd etilmoqda.

Kj

Ma’lum qilinishicha, da’vogar universitetga kirish bo‘yicha ma’lumot olish jarayonida chatbotdan foydalangan. Sun’iy intellekt yordamchisi oliygohning asosiy kampusi haqida noto‘g‘ri axborot taqdim etgan. Foydalanuvchi bu xatoni ko‘rsatganiga qaramay, chatbot o‘z javobida turib olgan va hatto ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa, 100 ming yuan to‘lashga tayyorligini bildirgan.

Shundan so‘ng abituriyent Xanchjou internet sudiga da’vo arizasi kiritib, sun’iy intellekt bergan noto‘g‘ri axborot uning qaroriga salbiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlagan. U chatbot ishlab chiqaruvchisidan 99 999 yuan undirishni so‘ragan.

Biroq sud da’voni qanoatlantirmagan. Sud qarorida foydalanuvchi real zarar ko‘rmagani, shuningdek, sun’iy intellekt tomonidan bildirilgan va’dalar huquqiy majburiyat tug‘dirmasligi qayd etilgan. Sud generativ sun’iy intellekt aniq mahsulot emas, balki matn yaratish xizmatini taqdim etishini ham ta’kidlagan.