Xitoylik jarrohlar tibbiyot amaliyotida ilk bor uzilib ketgan quloqni vaqtincha bemorning oyog‘iga ko‘chirib, keyinchalik uni asl joyiga qayta o‘rnatish bo‘yicha noyob operatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Deff

Ma’lum qilinishicha, bemor ayol aprel oyida og‘ir texnika bilan ishlash jarayonida baxtsiz hodisaga uchrab, qulog‘idan ayrilgan. Hodisa oqibatida uning bosh terisi, bo‘yni va yuzining katta qismi jiddiy shikastlangan. Ayol hayot uchun xavfli jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan.

To‘qimalar va qon tomirlarining og‘ir zararlangani sababli quloqni an’anaviy usulda qayta tiklash imkonsiz bo‘lgan. Shu bois shifokorlar noodatiy yechimni tanlab, quloqni vaqtincha oyog‘ining yuqori qismiga ko‘chirib o‘tkazishga qaror qilgan. Jarrohlar bu qarorni oyoqdagi arteriya va venalarning diametri quloq tomirlari bilan mos kelishi bilan izohlagan.

Qayd etilishicha, mazkur amaliyot ilgari amaliyotda qo‘llanmagan va muvaffaqiyatli holatlar hujjatlashtirilmagan. Dastlabki operatsiya qariyb 10 soat davom etgan. Jarayonni murakkablashtirgan asosiy omil quloqdagi qon tomirlarining nihoyatda kichikligi bo‘lib, ularning diametri atigi 0,2–0,3 millimetrni tashkil etgan.

Shuningdek, bemorning bosh terisini tiklash uchun qorin sohasidan teri ko‘chirib o‘tkazilgan. Besh oy o‘tgach, jarohatlar bitgach, keyingi bosqichda quloqni asl joyiga qaytarish operatsiyasi bajarilgan. Oktyabr oyida o‘tkazilgan va 6 soat davom etgan ushbu amaliyot tibbiyotda yangi jahon tajribasi sifatida e’tirof etilgan.