Xitoyda o‘quvchilarning jismoniy va ruhiy salomatligini mustahkamlashga qaratilgan yangi choralar e’lon qilindi. Endilikda maktablarda ortiqcha uyga vazifa berish va o‘quvchilarning tanaffus vaqtini qisqartirish taqiqlanadi. Bu haqda mamlakat Ta’lim vazirligiga tayanib, Reuters xabar berdi.

Xq

“Maktablarda imtihonlarni tez-tez o‘tkazish va o‘quv yuklamasini oshirish man etiladi”, deyiladi vazirlikning WeChat’dagi rasmiy bayonotida.

Mazkur qaror o‘quvchilarga nisbatan bosimni kamaytirish va ularning ruhiy salomatligini yaxshilashga qaratilgan siyosat doirasida qabul qilingan. Xitoy bolalardan doimiy yuqori natija talab etiladigan yondashuvdan voz kechmoqda.

Xitoy maktablarida ortiqcha uy vazifalari berish keng tarqalgan, esa bu o‘quvchilarda uyqusizlik, xavotir va depressiyaga sabab bo‘lmoqda. 2025-yil noyabrida maktablarga uy vazifalari hajmini “qat’iy nazorat qilish” va o‘quvchilar uchun kuniga kamida ikki soat jismoniy faollikni ta’minlash talabi qo‘yilgan edi. Shuningdek, bog‘chalarda boshlang‘ich sinf dasturini oldindan o‘qitish qat’iyan man etilgan.

Yangi qarorga asosan boshlang‘ich va o‘rta maktablarga o‘quvchilarni saralash maqsadida imtihonlar o‘tkazish taqiqlanadi. Bundan tashqari, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plaganlarni “ko‘klarga ko‘targani” uchun o‘qituvchilarni rag‘batlantirish yoki jazolash ham taqiqlanadi.

O‘qituvchilar o‘quvchilarning tanaffus vaqtida sinfdan chiqishiga to‘sqinlik qilmasligi lozim. Xitoy maktablarida yozgi-qishki ta’tilga qo‘shimcha ravishda bahor va kuzgi ta’tillar ham joriy etilgan.