Yaponiyada chaqaloq yig‘isini tahlil qilib, uning sabablarini aniqlab beruvchi yangi ilova ishlab chiqildi. Sun’iy intellekt asosida yaratilgan Awababy dasturi ota-onalarga go‘dak ehtiyojlarini tushunishda ko‘maklashadi.

Mutaxassislar ushbu texnologiya farzand tarbiyasining dastlabki bosqichida yuzaga keladigan noaniqlik va ruhiy zo‘riqishni kamaytirishda muhim vositaga aylanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ma’lum qilinishicha, ilova qariyb 150 mingta audioyozuv asosida o‘qitilgan modelga tayanadi. Algoritm chaqaloq yig‘isining balandligi, tembri va davomiyligi kabi akustik xususiyatlarini tahlil qilib, uning ortida qanday ehtiyoj yoki sabab yotganini aniqlaydi.
Awababy jami 11 turdagi holat va ehtiyojlarni farqlay oladi. Ular qatoriga ochlik, uyqu, noqulaylik, yolg‘izlik hissi, tana haroratidagi o‘zgarishlar, qorin og‘rig‘i hamda e’tiborga ehtiyoj kabi omillar kiradi.
Bundan tashqari, foydalanuvchilar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish imkoniga ega: turli vaziyatlarda bolani tinchlantirishga yordam bergan usullar umumiy ma’lumotlar bazasida jamlanadi va boshqalarga ham foyda keltiradi.
Sinov jarayonlarida ishtirok etgan onalarning aytishicha, hatto bolaning ehtiyojlari haqida taxminiy ma’lumotga ega bo‘lishning o‘zi ham ota-onalarga xotirjamroq munosabatda bo‘lishga yordam beradi. Bu esa vahimaga berilib, barcha ehtimoliy sabablarni birma-bir tekshirish zaruratini kamaytiradi.
20-apreldan boshlab ilovaning premium versiyasi Misima shahrida ikki yoshgacha bo‘lgan farzandlari bor oilalarga bepul taqdim etiladi.