The Conversation portali xabariga ko‘ra, tanishuv ilovalari sanoati inqiroz davrini boshdan kechirmoqda: xarajatlar ortib, obunachilar soni kamaymoqda. Shu bilan birga, tezkor uchrashuvlar, qiziqishlar bo‘yicha to‘garaklar va birgalikdagi hordiq chiqarish kabi oflayn tanishuv shakllari yana keng tarqalmoqda.

So‘rovnomalar natijasiga ko‘ra, yosh amerikaliklarning atigi 23 foizi mobil ilovalar yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali turmush o‘rtog‘ini topgan. Qolganlari esa tobora ko‘proq jonli muloqotni afzal ko‘rmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, zumerlar (raqamli muhitda ulg‘aygan yoshlar) uchun jonli uchrashuvlarda muloqot tajribasining yetishmasligi qiyinchilik tug‘diradi. Pandemiya davri va smartfonlardan keng foydalanish shaxslararo ko‘nikmalar rivojiga to‘sqinlik qilgan.
Psixologlar yoshlarni jonli uchrashuvlarni tahdid sifatida emas, balki o‘ziga ishonchni oshirish va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyati sifatida ko‘rishga chaqirmoqda.