Oʻrta Osiyo el-uluslari oʻtmishida Eftal (toʻgʻrirogʻi Abdal – 440-565-yillar) sulolasining oʻziga xos oʻrni bor. Biroq bu sulola oʻtmishi bilan bogʻliq shu choqqacha yechimini topmagan bir necha masalalarga duch kelamiz. Birinchidan, ularning ilk ona yurti, tili va etnik kelib chiqishi boʻyicha bir toʻxtamga kelinmagan. Eftallarni eroniy tilli deb qarovchilar ham, turkiy yoki boshqa elatlar bilan bogʻlaydigan izlanuvchilar ham u yoki bu darajada oʻz haqiqatiga suyanadi. Eftallar soʻzlashgan til yuzasidan yozma manba bilgilari – maʼlumotlariga qaralganda, boshqaruvchilarining har xil elatlarga xos ismlar bilan atalgani koʻzga tashlanadi. Ularning tashqi qiyofasida turli elatlarga xosliklar uchrashi, shu bilan birga, eski turklarga xos koʻrinish yetakchilik qilishi Bolaliktepa, Tavkaqoʻrgʻon (Surxondaryo), Qizil (Sharqiy Turkiston) devoriy rasmlari va tanga-pullar tasvirlar orqali oʻz tasdigʻiga ega.
Deyarli 150-yildan beri – XIX yuzyillikning soʻnggi oʻn yilliklari – XX yuzyilliklar boshidan bugungacha eftallar oʻtmishi boʻyicha izlanishlar olib borgan yuzlab tarixchilar ushbu sulola boshqaruvchilarining oti va unvoni boʻyicha koʻproq quyidagicha qarashlarni ilgari surishgan:
1. Axshunvor, Varz, Fagʻanish, Gʻatfar kabi eftal boshqaruvchilari bilan bogʻliq atamalar eroniy negizdadir. Bu esa ularning kelib chiqishi eroniy elatlarga borib taqaladi, deb qarashga undaydi;
2. Kunxon, Toʻraman, Burgut, Xingil kabi boshqaruvchi oti va “yabgʻu”, “tegin”, “tarxon” unvonlari eski turkcha negizga ega, bu esa eftalar turk boʻlgan deyishga turtki beradi;
3. Chagʻon, Alxon, Toba kabi eftal boshqaruvchilariga tegishli kishi oti yoki etnik atamalarni moʻgʻulcha deb qaragan ayrim izlanuvchilar ularni proto-moʻgʻul elatlar bilan bogʻlashga intiladilar.
Shu bilan birga, eftal boshqaruvchisi Mihrakulani eroniy “mehr – quyosh” va turkiy “qul” soʻzlaridan yasalgan atama deb qarovchi izlanuvchilar talay. Shuningdek, Alxon atamasini eski turkcha “Alxon – qizil xun”, Burgutni esa moʻgʻulcha “burqut – burgut” deb ochiqlagan qarashlar bor.
Yuqorida aytib oʻtilganidek, eftallarni eroniy, turkiy yoki moʻgʻul deb qarovchilar u yoki bu darajada oʻz haqiqatlariga egadek koʻrinadi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, bugungi kunda boʻlganidek, eski chogʻlarda boʻlsin, oʻrta asrlarda boʻlsin, biror elatga tegishli kishining oti yoki unvoni aynan uning oʻzi soʻzlashgan til negizida boʻladi, deb qarash oʻzini unchalik oqlamaydi. Toʻgʻri, ayrim chekka oʻlkalarda yashagan va oʻzga til oʻrtami – muhitidan uzoq boʻlgan urugʻ va elatlarda antroponimlar – kishi otlari koʻpincha oʻzlarining soʻzlashuv tili bilan bogʻliq boʻladi. Oʻrnak uchun, ilk va oʻrta chogʻlarda ayrim turkiy sulolalarda boshqaruvchi yoki qoʻshin boshliqlarining oti koʻproq turkcha boʻlgani kuzatiladi. Ular quyidagicha:
1) arablarga qarshi kurashgan yoki ularning saroy boshqaruvi va qoʻshinida xizmat qilgan turk yetakchilarining oti Bugʻa, Bilga, Mangu va b.;
2) Xorazmshoh-Anushteginiylar sulolasi boshqaruvchilarining deyarli barchasi turkcha negizda: Anush-Tegin, Otsiz, El-Arslon, Takash, Manguberdi va boshqalar [qar. Sümer 1999].
Eftallar davlati chegaralariga koʻz yugurtiradigan boʻlsak, ushbu sulola tomonidan qoʻlga kiritilgan oʻlkalar turgʻunlari quyidagicha turli til va madaniy oʻrtamda yashashgan: Amudaryoning yuqori oqimi – Badaxshon va Pomir togʻlari, Amudaryo – Zarafshon daryolari oraligʻi, Sharqiy Turkiston, Shimoliy Hindiston, Kobuliston va Xuroson [Kurbanov 2010]. Boshlangʻichda Amudaryoning yuqori oqimida oʻz boshqaruvini oʻrnatgan Eftal sulolasi boshqaruvi keyinchalik Amudaryo – Sirdaryo oraligʻidagi Termiz, Chagʻoniyon, Naxshab va Buxorogacha yoyilgani, bu yerlardagi yirik shaharlarda eftallar bilan bogʻliq boshqaruvlar oʻrnatilgani yozma manbalarda birmuncha oʻz ifodasini topgan. Xorazm, Choch, Ustrushona va Fargʻona kabi oʻlkalarda esa eftal boshqaruvi qanday boʻlgani yetarlicha aniqlanmagan. Chunki ushbu hududlar bilan bogʻliq yozma manbalar yetarsiz, ham arxeologik topilmalar ozligi uchun aniq bir toʻxtamga kelinmagan.
Eftallar qoʻl ostidagi oʻlkalarda koʻproq sharqiy eroniy va hind, qisman esa turkiy elatlar yashab, ular orasida zardushtiylik, buddaviylik va boshqa inonch tizimlari keng tarqalgan edi. Qolaversa, eftallar kelib chiqqan Shimoliy Xitoy – Kungay Oltoy – Gansu oʻlkasi oraligʻida turk va moʻgʻul elatlari yetakchilik qilib, ular orasida tangrichilik inonchi keng tarqalgan. Demak, ushbu sulola boshqaruvchilari bilan bogʻliq atamalar turlicha til negizida ochiqlanar ekan, bu kabi omillarni koʻzdan qochirmaslik kerak.
Eftallarning kelib chiqishi boʻyicha izlanishlar olib borgan tarixchi, tilchi va elshunoslar koʻproq ularning boshqaruvchilari boʻlmish Axshunvor, Kunxas (*Kunxon), Toʻraman, Mihirakula, Varz, Gʻatfar atamalarining kelib chiqishi qay negizga ega ekaniga urgʻu bergan boʻlsalar-da, biroq bu borada bir toʻxtamga kelinmagan. Yuqorida aytib oʻtilganidek, ayrim izlanuvchilar ularning bir boʻlagi eroniy negizda ochiqlanishidan kelib chiqib, ularning eroniy ildizlarini topishga intilgan boʻlsalar, ayrim izlanuvchilar esa eftallarning turkiy tomonlarini qidirishgan. Biroq bu masalaga oydinlik kirituvchi eftallar bilan bogʻliq etnik atamalar koʻpchilik izlanishlarda yetarlicha oʻrin olmagan. Bizning turli tillardagi yozma manbalardagi bilgilarga tayanib olib borgan izlanishlarimiz soʻngida quyidagicha elat va urugʻlarning eftallar bilan bogʻliqligi aniqlandi:
1) abdal, 2) avar, 3) qarluq, 4) xalach, 5) kumiji, 6) kanjina turklari, 7) tuguxun (tuyuxun), 8) *oq-xun (sveta-xuna / spet-xyun “oq xun”, 9) ol-xun (karmir-xun “qizil xun”), 10) qadis-xun [Babayarov 2022: 95-102].
Keltirib oʻtilgan ushbu 10 ta urugʻning yarmidan koʻpi turli tillardagi yozma manbalarda birgina eftallar bilan emas, ulardan keyingi turk elatlari bilan ham qarindosh-urugʻ oʻlaroq koʻrsatib oʻtilgan. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, VIII yuzyillikka tegishli tibetcha mantlarda eftallar turkiy elatlardan biri, aniqrogʻi, Turk xoqonligining boshqaruvchi ashina urugʻi va unga yaqin elatlardan biri oʻlaroq eslatilib, drugu (turk)lar 11 ta bosh uruqqa boʻlinishi, ular orasida he-bdal (eftalit)lar “Gargapur” (turk. -fors. “Qargʻa oʻgʻli”) atamasi ostida ham tilga olinishiga urgʻu beriladi [Bacot 1956: 137-153]. Eftallarning etnik kelib chiqishini oʻrgangan E. de la Vessyerga koʻra, “Qargʻa oʻgʻli” deganda xitoy yilnomalarida shu atama ostida eslatib oʻtilgan “usun”larni tushunish kerak boʻladi. Bu esa eftallarning ilk yurti eski Usun oʻlkasi yoki unga yaqin bir yer boʻlganini yana bir bor koʻrsatib turibdi. Bilamizki, xitoy yilnomalarida miloddan oldingi II asrdan boshlab tilga olina boshlagan “Usun oʻlkasi” deganda koʻproq Yettisuv va Tyanshan togʻlarining shimoliy etaklaridagi kengliklar tushunilgan.
Eftallarga qarindosh elatlardan yana bir oʻrnak keltiradigan boʻlsak, bir-biri bilan bogʻliq boʻlmagan xitoy, arab va fors manbalarida ham eftallar, ham boshqa turk elatlari bilan, ayniqsa, ashina turklari bilan yaqin kelib chiqishga ega deb koʻrsatilgan urugʻlardan biri qarluqlardir. 630-yillarda Sharqiy Turk xoqonligi Tan imperiyasi tomonidan boʻysundirilgach, xoqonlikka qarashli urugʻlar yashaydigan yerlarda ayri-ayri oʻlka (okrug)lar tuzilib gelolu (qarluq), yada (eftal) kabi urugʻ va elatlarni oʻz ichiga oluvchi Gelo (Qarluq) okrugi tashkil etiladi. Bu okrug Xitoyning Suyyuan oʻlkasi oʻrnida joylashgan boʻlib, hozirda bu yer Ichki Mongoliya avtonom tumanidagi Ordos oʻlkasining shimoli va Xuanxening shimoliy qirgʻoqlariga toʻgʻri keladi [Malyavkin 1989: 18-19, 161].
Bu yer eftallarning ilk makoni – Oltoy togʻlarining janubi-gʻarbi va Tyanshanning shimoli-sharqiy qismlariga yaqin boʻlishi bilan birga, Gʻarbiy Oltoy va Moʻgʻulistonda azaldan yashab kelgan qarluqlarga ham unchalik uzoq emas edi. Bu esa Eftal davlatidan ancha keyin, deyarli ikki asr oʻtgach ham ushbu elatlarning bir qismi Toʻxoriston va Badaxshonga koʻchmasdan, oʻz yurtlarida yashab qolganliklaridan darak berishi bilan birga, ularning etnik yaqinlikka ega boʻlganini koʻrsatadi. Qizigʻi shundaki, xitoy, arab va fors manbalarida turklarning bosh urugʻlaridan biri oʻlaroq keltirilgan qarluqlarga Oʻrxun bitiktoshlarida “oʻz budunim”, “oʻz urugʻim” deb urgʻu beriladi [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 110, 130]. Eftal – qarluq qarindoshlik iplari birgina Oltoy togʻlari tegrasida emas, Pomir / Badaxshon va Hindikush togʻlari etaklarida ham saqlanib qoladi. Gardiziy “Zayn al-axbor” asarida (XI yuzy.) Toʻxoriston haytallari va xallux (qarluq)lar orasida yaqinlik boʻlgani toʻgʻrisida quyidagicha yozgani ham buni koʻrsatib turibdi: «Turk xoqoni qarluqlarning koʻpaygani, ustunlikka ega boʻlgani va Toʻxoriston haytallari bilan ittifoq tuzib, ulardan qiz olib, qiz bergani va Turkistonning zaiflashganini koʻrgach, oʻlkasining oqibatidan qoʻrqdi» [Şeşen 1985: 71-72].
“Tuguxun”, “tuyuxun” koʻrinishlarida xitoy yilnomalarida tilga olingan koʻchmanchi elat eftallarning kelib chiqishi boʻyicha ayrim masalalarga yechim boʻla oladi. Koʻp yillardan beri eftallar oʻtmishini yoritib kelayotgan xitoylik izlanuvchi Yuy Tayshan “Lyang-shu” yilnomasida uchraydigan “Ular (eftallar)ning tilini birgina Xenan elining ogʻzaki oʻgirmasi orqali tushunsa boʻladi” degan bilgi orqali ularning etnik kelib chiqishiga oydinlik kiritishga urinadi. Xenan xalqini “tuyuxun”lar bilan tenglashtirgan Yuy Tayshan ushbu bilgiga tayanib, eftallar va tuyuxunlar bir-birini oʻzaro tushunganlarmi yoki har ikkala elatning tili bir-biriga oʻxshash tillar boʻlganmi, yo boʻlmasa, bu oʻxshashlik oʻzaro qoʻshnichilik natijasimi yoki butunlay teskarisimi degan soʻroqlarni koʻndalang qoʻyadi. Shu bilan birga, u tuyuxunlar Sharqiy syanbilarning bir tarmogʻi boʻlganiga urgʻu qaratib, ular orasidagi oʻzaro oʻxshashlik kelib chiqishini ancha ilgari Koguryoda yuz bergan Eftal – Syanbi aloqalari bilan bogʻlab tushuntiradi [Yu Taishan 2011: 081]. Syanbilar milodiy III yuzyillikda Xun saltanatini boʻysundirgan koʻchmanchi elat boʻlib, 10 ga yaqin bosh urugʻining yarmidan koʻprogʻi turkiy urugʻlarga borib taqalgan. Shuningdek, syanbilar “Dun-xu” (Sharqiy xun)larning bir tarmogʻi oʻlaroq chamasi, oltoy tillarining birida, aniqrogʻi, protomoʻgʻul yoki prototurk tilida soʻzlashganlar [Golden 2002: 55-61].
Ilk oʻrta asrlarda Sharqiy Turkiston va Xitoyning Gansu oʻlkasi oraligʻida yashagan tuyuxunlar tibet manbalarida “aja” etnonimi ostida uchrab, ayrim tadqiqotchilar ularni syanbi yoki moʻgʻullar bilan tenglashtiradilar. Ular XI yuzyillikning ikkinchi yarmida Nanshan togʻlarining janubida, Saydam oʻlkasida oʻz davlatini qurib, tibetliklar bilan qalin aloqalar oʻrnatadilar. IX yuzyillikda yashagan Tuyuxun boshqaruvchilaridan birining oti Dunxuandan topilgan xitoycha hujjatda Boqili (*puât-kʼḭət-lji) koʻrinishida uchrab [Sims-Williams, Hamilton 2015: 88], uni qadimgi turkcha yoki moʻgʻulcha Burqutli, yaʼni “burgutli” bilan tenglashtirsa boʻladi. Shunga oʻxshash kishi ismi eftallarda uchrab, xitoy yilnomalaridagi Ye-da boshqaruvchisi Ba-gu (qadimgi xitoy. Pet-γoət)ni ayrim izlanuvchilar qadimgi turkiy negizda Burqut / Burgut deb tiklaydilar [Xodjayev 2010: 187-188].
Bürgüd— moʻgʻul tillaridan xalxa va buryatchada bүrged, qalmiqcha bүrgd “burgut” boʻlgan yirtqich qush oti turkiy tillarda orasida ham uchrab [Sanjeyev, Orlovskaya, Shevernina 2015: 124], oʻzbek va uygʻur tillarida burgut, qirgʻizcha bүrgүt, qozoqcha bүrgit, Onadoʻlu turk shevalarida bürgüt va yana oʻnlab turkiy tillarda shunga oʻxshash koʻrinishlarida saqlanib qolgan. Tilshunoslarga koʻra, bu soʻz negizida qadimgi turk tilidagi bür- “tirnoq bilan ovlamoq, buramoq” feʼli yotadi [Sevortyan 1978: 300].
Koʻpchilik izlanuvchilar Axshunvor (Xushnavar, Xushnavaz), Fagʻanish, Gʻatfar ismlarini eroniy til negizida qaraydilar: Axshun – sugʻdiy ʼxšywn “hukmdor, podsho” va b. [Gharib 1995: 83]. Shu bilan birga, ayrim izlanuvchilar, ayniqsa, turkiyalik tarixchilar uni qadimgi turkcha Ak-sunkur (*Aq-Sunqur “Oq-shunqor”) oʻlaroq tiklaydilar [Konukçu 1973: 67]. Shu oʻrinda ushbu atama negizida ham ovchi qush topinchi (kulti) yotmadimikan degan oʻyga yetaklaydi. Toʻgʻri, eski turkcha Oqsoʻnqur bilan Axshunvor orasida lingvistik tomondan yaqinlik topish birmuncha qiyinchilik tugʻdiradi, biroq eftallarning tili Ashina va boshqa turklar – oʻgʻuz, qarluq, qipchoq, sibir turklari soʻzlashgan “Oʻrxun turkchasi”dan butunlay boshqa bir turkiy tarmoqqa tegishli boʻlgani, shuning uchun boshqa turklar tomonidan Aqsoʻnqur deb aytilgan qush nomi ularda Axshunvar boʻlishi ham mumkinligini koʻzdan qochirmaslik kerak.
Shimoliy Hindiston va Kobul tegralarida eftal boshqaruvchilari tomonidan baqtriycha va eski hindcha (kxaroshti) yozuvlarda bostirilgan koʻplab turdagi tangalar topib oʻrganilgan. Ularning ayrimlarida markaziy osiyolik koʻchmanchilarga xos tashqi koʻrinishdagi boshqaruvchi tasviri hind tasviriy sanʼati yoʻrigʻi boʻyicha chizilgan boʻlib, “tegin” unvoni, hindcha alqovlar birgalikda uchraydi. Qizigʻi shundaki, eftal tangalarining ayrim turlarida old yuzasida “xun koʻrinishli” boshqaruvchi, teskari yuzasida esa qanotlarini keng yoygan yirtqich qush – burgut tasviri oʻrin olgan. Ilk oʻrta asrlar Oʻrta Osiyo va unga qoʻshni oʻlkalar tangalarida bunday qush tasviri deyarli uchramaydi. Ayniqsa, Sugʻd, Baqtriya-Toʻxoriston tangalarida butunlay boshqa hayvon tasvirlariga duch kelinadi. Xorazm tangalarining ayrim turlarida hukmdorning bosh kiyimi burgutsimon qushni eslatadi, biroq eftal va xorazm tangalaridagi tasvirlar bir-biridan anchagina ajralib turadi. Boshqa tomondan esa Xorazm tangalarida bu kabi tasvirlar uchrashi Xorazmshoh-Afrigʻiylar sulolasi bilan Chagʻoniyondagi eftallar tarmoq sulolasi orasida yoʻlga qoʻyilgan qarindoshlik aloqalari bilan bogʻliq boʻlsa kerak degan qarashlarga turtki beradi [Gudkova 1964: 119-120].
Hind, xitoy va arab manbalari, tanga va bitiklarda Xingila atamasi uchrab, unga eftallarga taqaluvchi sulola bilan bogʻliq deb qaraladi. Baqtriycha yozuvli bitta muhrda esa eþkiγγilo soʻzi oʻrin olgan boʻlib, N. Sims-Villiyams uni ushbu atama bilan tenglashtiradi [Sims-Williams 2002: 143–48]. Khińgila>*Kṣińgila [sanskritlashgan varianti]>Škiŋil [metateza]>Eškiŋil [proteza] koʻrinishida hind tili oʻrtamida Xingila aylanganini, aslida Esh-kingil ekaniga urgʻu bergan E. de la Vessiyer uni qadimgi turkiy negizda ochiqlab, esh “esh, yoʻldosh” va qingʻiroq “ikki yonli pichoq” soʻzlari bilan bogʻlaydi. Unga koʻra, qadimgi xitoy manbalarida keltirilgan xun tilida “qilich” anglamidagi kenglu (<*keŋ-ĥlax) soʻziga borib taqaladi. Bu soʻz voxonliklar tilida xiŋgar va sugʻdiy tilda xγgr koʻrinishini olgan [Vaissiére 2003: 129]. Demak, ushbu tillar orqali keng tarqalgan “xanjar” soʻzi qadimgi turkcha qїŋїraq “qingʻiroq”ga borib taqaladi. Bu soʻz oʻzbekchada ham “qingʻir” (egri, qiyshiq) koʻrinishida saqlanib qolgan.
Eftaliylar sulolasining soʻnggi boshqaruvchilaridan biri – Mihiragula (515-542 yy.) ismini koʻpchilik izlanuvchilar eroniy va turkiy negizda qarab, eski fors tilidagi “mitra” (quyosh) soʻzining oʻrta forscha koʻrinishi “mihra” va turkiy “qul” (banda) soʻzlaridan yasalgan atama deb ochiqlaydilar [Tolstov 1948: 277]. Eski hind yozma manbalarida Mihiragula koʻrinishida uchrab, shu yoʻsinda tarixshunoslikda kengroq yoyilgan ushbu atoqli ismga koʻpchilik izlanuvchilar aslida Mihiragul yoki Mihiraqul boʻlgan, hind tili qoidalari negizida bu atama shunday koʻrinish olgan, deb qaraydilar. Uning otasi Toraman (Toʻruman – 490-515 yy.) otining ham hind yozma manbalarida Toramano koʻrinishida yozilgani bu qarashni kuchaytiradi. Boshqa tomondan esa Mihiragula eski hind topinchlaridan biri – shivaizmga sigʻingani toʻgʻrisida yozma bilgilar uchraydi. Chamasi, u boshlangʻichda oʻz ota-bobolari inonchida boʻlib, keyinchalik hind madaniy oʻrtamidan taʼsirlangan koʻrinadi. Undan farqli oʻlaroq Toʻraman oʻzining eski inonch tizimi, chamasi, tangrichilikka sigʻingan boʻlib, uning oti eski turkcha negizda edi. Ayrim izlanuvchilar uni eski turkcha “toʻru” (qonun) va “man” (ot yasovchi qoʻshimcha) bilan bogʻlab, Toʻruman “toʻra egasi” deb ochiqlaydilar [Boboyorov, Xatamova 2024: 102-104].
Boshqa tomondan esa bu soʻzni eski turkchada “turumtoy” deb ataladigan yirtqich qush bilan tenglashtirish ham mumkin. Mahmud Koshgʻariy “turumtay – yirtqich qushlardan birining nomi. Odam ham shunday ataladi. Shunday laqab beriladi” deb ochiqlagan. Shu oʻrinda eftallar bilan qarindosh elat deb qaraladigan Avar xoqonligiga (VII – IX yuzyilliklar) tegishli idishlar sirtida “Turum” soʻzi uchrashi ham eftal boshqaruvchisi Toʻraman otining negizida burgutsimon qushlar bilan totemistik qarash yotmasmikan degan savolu-soʻroqlarga yetaklaydi.
Eftaliylar boshqaruvchilaridan yana biri – Kunkhas (Κούγχας – 450- yy.) koʻrinishida yunon manbalarida tilga olingan otini ayrim izlanuvchilar turkiy negizda qarab, uni Xun-qan (Kunxon — “xunlarning xoni”) deb tiklaganliklari koʻzga tashlanadi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, bu atama yuzasidan birmuncha farqli qarashlar ham ilgari surilgan. Fransiyalik izlanuvchi F. Grene yunon yozma manbalarida Kidariylar boshqaruvchisi oʻlaroq tilga olingan Kunkhas ismini Khūn khan (Xun xoni) koʻrinishida tiklab, “xon” unvoni ilk bor oʻsha kezlarda uchrashini ilgari suradi [Grenet 2010: 270]. Boshqaruv yillari bir-biriga yaqin, egallagan hududlari deyarli bir boʻlgan Kidariylar (420-450) va Eftaliylar (440-565), hatto Xioniylar (350-420) boshqaruvchilarining aynan qaysi suloladan boʻlgani yozma manbalarda ayrim oʻrinlarda adashtirib yuborilgani kuzatiladi. Shuning uchun Kunkhas (Kunxon)ni ayrim izlanuvchilar eftaliylardan boʻlgan, deb qaraydilar.
Bizningcha, Kunxon ismini eski turkcha “kun” (quyosh) va “xon” soʻzlari bilan bogʻlab, bu atamaning negizida koʻchmanchilar inonchi – tangrichilik yotadi, deb ochiqlash mumkin [Boboyorov, Xatamova 2024: 102-104]. Eftaliy boshqaruvchilaridan ikkitasining ismi – Mihiragula va Kunxon soʻzlarida “quyosh” soʻzi bilan bogʻliq tomonlarning koʻzga tashlanishi oʻz-oʻzidan boʻlmasa kerak. Kelib chiqishi boshlangʻichda oltoy tilli elatlarga, aniqrogʻi, eski turk-moʻgʻul elatlaridan biri boʻlmish Syunnu (xun)larga borib taqaladi deb qaraladigan eftaliylar keyinchalik turli etnik elementlarni qamrab olgan, ular orasida sharqiy eroniy tilli elatlar, tibetliklar va boshqalar boʻlgan aralash etnik uyushma sifatida bilinadi [Kurbanov 2010: 14].
Qizigʻi shundaki, “kun” (quyosh) topinchi eski chogʻlardan beri dunyoning koʻplab el-uluslarida, ayniqsa, Oʻrta Osiyo va unga qoʻshni oʻlkalarda inonch tizimining muhim koʻrsatkichlaridan biri boʻlgan. Bu topinch eski chogʻlar va ilk oʻrta asrlarda Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan zardushtiylik va buddaviylikda ayrim koʻrinishlariga ega boʻlgan boʻlsa, mintaqaning shimoli-sharqiy oʻlkalarida yetakchilik qilgan koʻchmanchi siyosiy uyushmalar inonch tizimida anchagina yetakchilik qilgani kuzatiladi. Bilamizki, koʻchmanchi negizli Syunnu (Xun saltanati – mil.old. III – mil. III yuzy.), Juan-Juan (402-552) va Turk xoqonligi (552-744) va boshqalarning inonch tizimida “Tangri” bosh iloh boʻlib, u barcha tirik yaratiqlar va jonsiz narsalarning yaratuvchisi deb ochiqlanadi. Shunga oʻxshash tushuncha eftaliylarda ham yetakchilik qilganini xitoy elchisi Sun Yun (520- yy.) oʻzi taniq – guvoh boʻlib yozib qoldirgan “Eftallar har kuni ertalab chodirlari – “oʻtogʻi”dan tashqariga chiqib, yaratganga yukunadi va shundan soʻnggina nonushta qilishadi” degan bilgilar ham qoʻllab-quvvatlaydi. Shunga oʻxshashroq bilgi Turk xoqonligi bilan bogʻliq oʻlaroq quyidagicha koʻrinishda uchraydi: «Oʻtogʻ»ining eshigi ham kunchiqarga — sharqqa qaratilgan boʻlardi. Xoqon har tongda “oʻtogʻ”ining eshigidan chiqqanda qutlugʻ (muqaddas) sanaluvchi quyoshga yukunar edi” [Koca 2002: 833]. Ushbu sulolarga boshlanish bergan Syunnu (xun)larda “quyosh” kulti ancha keng yoyilgani va bu anʼana uning izdoshlari boʻlmish bir qator koʻchmanchi siyosiy uyushmalar tomonidan oʻzlashtirilganini qoʻllab-quvvatlaydigan yozma bilgilar yetib kelgan [Gabuyev 2000: 18].
Qisqasi, eftal boshqaruvchilari oti va unvonlari tizimida turkiy atamalar anchagina koʻpchilik ekani borgan sari oydinlashib bormoqda. Ularning bir boʻlagi – Burqut, Soʻnqur (shunqor) kabi ovchi qushlar bilan bogʻliqligi koʻzga tashlanadi. Eftal tangalarida burgut tasvirining uchrashi ham ularning davlatchilik tizimida ushbu qush bilan bogʻliq ramziy tushunchalar keng tarqalganini koʻrsatadi. Bu esa ayrim izlanuvchilar tomonidan “eftallar turonlik boshqa bir qator elatlardan farqli oʻlaroq turmush yoʻsunida ovchilik yetakchilik qilgan elat boʻlgan”, “ular boshlangʻichda oʻrmonli oʻlkalarda yashab, keyinchalik qir-adirli, yaylovli yerlarda tirikchilik qila boshlagan” degan qarashlarda jon borligini koʻrsatadi. Shunga oʻxshash turum – holat moʻgʻullarda ham uchrab, ular Baykal koʻliga yaqin Onon va Kerulen irmoqlari tegralaridagi oʻrmonlik oʻlkalarda yashab, ularning tirikchiligi ovchilik boʻlgan. Oltoy tillari orasida moʻgʻul til tarmogʻida ovchi qushlar bilan bogʻliq soʻzlarning keng tarqalgani ham ularning ota-bobolari qoʻychivon – chorvachi emas, koʻproq ovchi boʻlganliklari bilan ochiqlanadi. Turk tillaridagi ovchi qushlar bilan bogʻliq soʻz va atamalarning ham koʻpchiligi moʻgʻulcha, yo boʻlmasa turkcha-moʻgʻulcha negizda ekani ham buni koʻrsatib turibdi: lochin, shoʻnqor, burqut, italgʻu va boshqalar. Aslida qush otlarini unvon oʻlaroq qoʻllash odati ancha eski turkcha anʼanalarga borib taqalib, Turk xoqonligidan farqli oʻlaroq Qoraxoniylar (960-1212), Saljuqiylar (1038-1308) boshqaruvida oʻnlab atamalarga duch kelinadi. Qoraxoniylarda Toʻgʻon xoqon, Chagʻri-xoqon, Toʻgʻrul xoqon kabi boshqaruvchi otlari uchraganidek [Babayarov, Kubatin 2012: 31-33], Saljuqiylar davlatini tuzgan Chagʻribek va Toʻgʻrulbek kabi boshqaruvchilar otining ham yirtqich qushlar bilan bogʻliqligi bunga yorqin oʻrnak boʻla oladi.
Demak, Eftal sulolasining ilk yurti, etnik kelib chiqishi, soʻzlashgan tili hamda ularning etnik va siyosiy uyushuvida qatnashgan elatlar masalasini oʻrganish uchun ular bilan bogʻliq etnonimlar, ot va unvonlarni oʻzaro solishtirgan holda izlanishlar olib borish kerak boʻladi.
Gʻaybulla BOBOYOR,
Tarix fanlari doktori