O‘zbekistonda 2026-yil sentyabr oyidan boshlab “Karyera” onlayn platformasi ishga tushiriladi. Platforma oliy va kasbiy ta’lim muassasalari talabalari hamda bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashishga qaratilgan.

Aazz

Bu tashabbus Oʻzbekiston 2030 strategiyasida belgilangan. Hujjatga ko‘ra, platforma orqali ish izlovchilar va ish beruvchilarni bog‘lovchi elektron mehnat bozori shakllantiriladi. Sun’iy intellekt yordamida talabgorlarga ularning qobiliyati, o‘zlashtirish darajasi va qiziqishlaridan kelib chiqib, mos vakant ish o‘rinlari taklif etiladi. Ish beruvchilarga esa ehtiyojlariga mos nomzodlar tavsiya qilinadi.

Strategiyada talabgorlarning ishga joylashish jarayoni avtomatik monitoring qilinishi ham ko‘zda tutilgan. Platforma orqali 1,6 million nafar talaba va bitiruvchi ish topish, 50 mingdan ortiq korxona esa munosib kadrlar bilan ta’minlanishi mumkin. Shuningdek, 150 ming nafar texnikum bitiruvchilari uchun ham ish topish imkoniyati yaratiladi.

Ma’lum qilinishicha, 2025-yil sentyabr oyida Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlash masalasi muhokama qilingan. Unda bitiruvchilarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha, yillik 18 foiz stavkada imtiyozli kredit berilishi aytilgan.

Qayd etilishicha, 1 milliard so‘mgacha kredit olgan tadbirkor kamida bir nafar, 5 milliard so‘m kredit olgan tadbirkor esa kamida besh nafar bitiruvchini ish bilan ta’minlashi lozim bo‘ladi. Agar imtiyozli kredit olgan korxona bitiruvchini ikki yil ichida ishdan bo‘shatsa, kredit foizi tijorat stavkasiga o‘zgartiriladi.

Yangi tizim nafaqat 2025-yilda bitirganlar, balki oliygohni tugatganiga uch yil bo‘lmagan yoshlar uchun ham amal qilishi qayd etilgan.