Namangan va Toshkent osmonida 19-fevral kuni noma’lum jism kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda ayrim hududlarda kuchli shovqin va yer silkinishiga o‘xshash holat sezilgani aytilmoqda.

Mj

Ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan viloyatida soat 12:30 dan keyin osmonda iz qoldirib pastga yo‘nalgan jism ko‘ringani, shundan so‘ng kuchli tovush eshitilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Ayrim foydalanuvchilar qattiq jism bo‘laklari tushganini iddao qilib, suratlar ulashgan. Ba’zi joylarda deraza oynalari sinib ketgani ham aytilgan.

Namanganda yashovchi aviaspotter Mahmudxon Odilxonovning Gazetaga aytishicha, 12:30—13:00 oralig‘ida juda baland ovoz eshitilib, yer qimirlagandek tuyilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, osmonda paydo bo‘lgan tutun taxminan ikki soatcha saqlanib turgan.

Shu vaqt oralig‘ida Toshkentda ham noma’lum chaqnash kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Videoregistrator yozuvlarida osmonda yorqin chaqnash va jismning qisqa vaqt ichida g‘oyib bo‘lgani aks etgan. Hodisa shahar markazida — Afrosiyob ko‘chasi, “Kosmonavtlar” metro bekati atrofida qayd etilgani aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan OʻzR FA Astronomiya instituti dastlabki o‘rganishlar olib borilganini ma’lum qildi. Institutning bildirishicha, hozircha hodisaning meteorit tushishi yoki boshqa tabiiy yoxud texnogen manba bilan bog‘liqligi rasman tasdiqlanmagan. Yer yuzasiga yetib kelgan qoldiqlar aniqlanmasa, hodisa tabiati bo‘yicha aniq xulosa berish imkonsizligi qayd etildi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar aniqlanishi bilan jamoatchilikka rasman xabar berilishi bildirilgan.