Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi 33-umumta’lim maktabida o‘qituvchilardan majburiy pul yig‘ish bo‘yicha topshiriq berilgani haqida xabar tarqaldi. Bu haqda maktab pedagoglari Kun.uzga murojaat qilgan.

O‘qituvchilarning bildirishicha, “ramazon ehsoni” niqobi ostida turli ehtiyojlar uchun pul yig‘ishga majbur qilish holatlari kuzatilgan. Ular 20-fevral kuni maktab direktori Oysara Uzoqova tomonidan maktabning Telegram guruhida berilgan “tezkor topshiriq” skrinshotini ham taqdim etgan. Unda har bir o‘qituvchi 25 ming so‘mdan topshirishi lozimligi ko‘rsatilgan.

“Qaysidir maktab ta’miriga yoki kam ta’minlangan oilalarga yordam uchun doim o‘qituvchilar pul yig‘adigan bo‘lsa, davlat ajratayotgan mablag‘lar va jamg‘armalar nimaga sarflanmoqda?” — deya norozi bo‘lgan pedagoglar murojaatida qayd etgan.

Topshiriq hokim o‘rinbosari nomi bilan bog‘langan

Maktab direktori ushbu topshiriq Anvar Rajabov tomonidan berilganini bildirgan. Anvar Rajabov Jarqo‘rg‘on tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hisoblanadi.

Tahririyat Oysara Uzoqova bilan bog‘langanida, u hozirda Toshkent shahrida o‘qishda ekanini aytib, o‘qituvchilardan pul yig‘ish bo‘yicha topshiriq berganini inkor etmagan. Shu bilan birga, mazkur topshiriq ijro etilmaganini, ya’ni pedagoglardan pul yig‘ilmaganini, agar Toshkentda bo‘lmaganida bu xarajatni o‘z hisobidan qoplab berishi mumkinligini bildirgan.

Ta’lim boshqarmasi: topshiriq berilmagan

Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabatida boshqarma hamda Jarqo‘rg‘on tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan ta’lim muassasalari xodimlaridan pul yig‘ish bo‘yicha hech qanday topshiriq yoki ko‘rsatma berilmaganini ma’lum qildi.

21-fevral kuni e’lon qilingan bayonotda o‘qituvchilardan majburiy tarzda pul yig‘ish kabi noqonuniy holatlar qat’iyan qoralanib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari tomonidan holat joyiga chiqib o‘rganilishi bildirilgan. Hozircha o‘rganish natijalari jamoatchilikka e’lon qilinmagan.