Buyuk Britaniya hukumati 2026-yil oxirigacha 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Times gazetasi xabar berdi.

Mnn

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, hukumat 2026-yil yozida jamoatchilik bilan maslahatlashuvlar yakunlangach, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha qarorlarni tezkor joriy etishni rejalashtirmoqda.

Ko‘rilayotgan choralar orasida 16 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlash, smartfonlar uchun “komendant soati” joriy etish yoki cheksiz lenta o‘qish kabi qaramlikni kuchaytiruvchi funksiyalarni cheklash variantlari bor.

Shuningdek, bolalarning chat-botlar bilan muloqotini cheklash, pornografiyaga noqonuniy kirish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan virtual xususiy tarmoqlarga (VPN) kirishni bloklash masalalari ham muhokama qilinmoqda.

Xabarga ko‘ra, hukumat “Bolalar farovonligi va maktablar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritishni rejalashtirgan. Ushbu o‘zgartirishlar vazirlarga parlament yoki sud nazoratisiz qonunlarga tezkor tuzatish kiritish imkonini beruvchi “Genrix VIII vakolati”ni taqdim etadi.

Manbada ta’kidlanishicha, internetdagi xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish jarayoni besh yildan ortiq vaqt olgan. Yangi mexanizm esa cheklovlarni allaqachon 2026-yildayoq joriy etish imkonini beradi.