Xorvatiya parlamenti delegatsiyasining Samarqandga tashrifi chog‘ida shaharda mamlakat konsulligini ochish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bg

Ma’lum qilinishicha, Xorvatiya parlamentining Konstitutsiya, reglament va siyosiy tizim qo‘mitasi a’zolaridan iborat delegatsiya Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muzokaralarda Toshkentda Xorvatiya elchixonasini, Samarqandda esa konsullik ochish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, tomonlar Samarqand va Dubrovnik shaharlarini birodar shaharlar sifatida bog‘lash tashabbusini muhokama qildi. Qayd etilishicha, Dubrovnik 40 mingdan ortiq aholiga ega bo‘lsa-da, yiliga qariyb 4 million sayyohni qabul qiladi. Xorvatiya tomonining turizm sohasidagi ushbu tajribasini Samarqandda qo‘llash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Bundan tashqari, transport, farmatsevtika, aloqa va IT yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Samarqandga keladigan sayyohlar sonini 2030-yilga qadar 10 million nafarga yetkazish rejalashtirilgani va bu borada xorvat tomoni bilan hamkorlik muhim ekani ta’kidlandi.

Tashrif dasturi doirasida delegatsiya a’zolari Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar hamda diqqatga sazovor maskanlar bilan tanishdi.