O‘zbekistonning birinchi milliy fazogiri sog‘liq ko‘rsatkichlari va ilmiy salohiyat asosida tanlanadi. Bu haqda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar xalqaro standartlar asosida shakllantiriladi. Avvalo, sog‘liq va fiziologik holat bo‘yicha qat’iy mezonlar qo‘llanadi. Shuningdek, ilmiy tayyorgarlik darajasi hamda chet tillarini bilish ko‘rsatkichlari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanlov jarayoni umumxalq dasturi shaklida tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Buning uchun maxsus davlat komissiyasi tuzilib, kosmonavtlarni tanlash, tayyorlash va parvoz masalalarini muvofiqlashtiradi.
Ibrohimovning ta’kidlashicha, bo‘lajak kosmonavt hozirda o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lishi mumkin. Mutaxassis turli davlatlar tajribasini misol qilib keltirib, kasbidan qat’i nazar, Yangi O‘zbekistonning birinchi milliy kosmonavtiga ega bo‘lish tarixiy voqea bo‘lishini qayd etdi.
Rejaga ko‘ra, milliy fazogir 10–14 kunlik qisqa muddatli parvozga tayyorlanadi. Parvoz aniq ilmiy dastur asosida amalga oshirilib, tibbiyot, biologiya, genetika va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda tajribalar o‘tkazilishi mumkin.
Shuningdek, Ibrohimov O‘zbekistonning ilk ilmiy sun’iy yo‘ldoshi Yaponiyada yig‘ilayotganini ma’lum qildi. Loyiha doirasida yetti nafar o‘zbekistonlik talaba Kyutech institutida amaliy ishlarda ishtirok etmoqda. Ayni paytda shu yerda mamlakatning birinchi ilmiy sun’iy yo‘ldoshini yig‘ish va sinovdan o‘tkazish jarayonlari olib borilmoqda.
Mazkur sun’iy yo‘ldosh yerni masofadan zondlash va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan bo‘lib, uning konstruksiyasi, foydali yuklamasi, quyosh panellari hamda orbitadagi ishlash mexanizmlari bo‘yicha texnik yechimlar ishlab chiqilmoqda.