Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 24-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ishtirok etib, qo‘shiq kuylagan 4-sinf o‘quvchisiga avtomobil sovg‘a qilindi. Bu haqda jurnalist Aziza Qurbonova xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Otamurod ismli o‘quvchi yig‘ilish davomida Komiljon Otaniyozov repertuaridagi qo‘shiqni kuylashini aytgan. Davlat rahbari bunga javoban hazil tariqasida Otajon Xudoyshukurov repertuaridan ham ijro etishni taklif qilgan. Shundan so‘ng prezident o‘quvchiga mashina sovg‘a qilinishini ma’lum qilgan.
Yig‘ilishda yoshlarga oid muhim statistik ma’lumotlar ham keltirildi. Qayd etilishicha, har yili 600 ming nafar yosh mehnat bozoriga kirib kelmoqda, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetadi. Davlat rahbari yoshlarga o‘ziga mos ish topishi uchun sharoit yaratish eng muhim vazifa ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ularning uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan. O‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar yo‘naltirilgan. “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari doirasida 15 ming nafar yosh o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, 50 ming kishini ish bilan ta’minlagan.
Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, yosh tadbirkorlar loyihalari uchun kredit miqdorini 10 milliard so‘mgacha oshirish, innovatsion startap loyihalariga esa 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi ma’lum qilindi.