24-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda oliy ta’lim muassasalari rektorlarini keskin tanqid qildi.

Davlat rahbari ta’lim sifati va bitiruvchilar bandligi masalasiga alohida to‘xtalib, oliygoh rahbarlarining mas’uliyatsizligi jiddiy savollarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, talaba 4–5 yil o‘qib, yakunda ish topa olmasa, bu tizimdagi kamchiliklardan dalolat beradi.
Prezident maktab va oliy ta’limda til o‘rganish, kasbga tayyorlash masalalari hanuz sustligicha qolayotganini qayd etdi. Shuningdek, mamlakatdagi 157 ta oliygohdan atigi 12 tasi bitiruvchilarni loyiha asosida bank krediti orqali tadbirkorlikka yo‘naltirganini misol keltirdi.
Bu borada umuman ish olib bormagan rektorlar keskin tanqid qilinib, ularning faoliyati va mas’uliyati savol ostiga qo‘yildi.
Davlat rahbari mavjud muammolarni yashirmasdan, bugunoq mutasaddilarga aytish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, ishlashga ehtiyoji bor talabalarning bandligini ta’minlash oliy ta’lim muassasalarining asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi kerakligi qayd etildi.