O‘zbekistonda oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega hamda kamida 15 yil pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratiladi.

Bu Vazirlar Mahkamasining 19-fevraldagi qarorida belgilangan. Hujjatga muvofiq, ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning 25 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Subsidiyani olish uchun pedagoglar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza topshiradi. Arizalar elektron shaklda ko‘rib chiqiladi.
Talabgor haqidagi ma’lumotlar — fuqaroligi, pedagogik ish staji, oliy malaka toifasi, daromadlari hamda kredit tarixi — tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari orqali avtomatik tarzda tekshiriladi. Bunda qo‘shimcha hujjatlar talab etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ijtimoiy mezonlarga muvofiq deb topilgan pedagogga subsidiya ajratish yoki rad etish to‘g‘risida elektron xabarnoma yuboriladi. Shundan so‘ng talabgor ishtirok etuvchi tijorat bankini tanlab, uy-joyni birlamchi bozordan ipoteka krediti asosida sotib oladi. Bank tomonidan kredit ajratish masalasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, notarial shartnoma rasmiylashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, subsidiya bir oilaga (er yoki xotindan biriga) faqat bir marta beriladi hamda faqat birlamchi uy-joy bozorida amal qiladi. 2026-yilda mazkur maqsadlar uchun davlat byudjetidan 200 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Subsidiyalarni ajratish jarayoni maxsus elektron platformalar orqali shaffof va avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.