Nikolay Durov oʻzining ukasi Paveldan butunlay farq qiladi. U jamoatchilikka tanilmagan shaxs va fundamental fanlar bilan shugʻullanuvchi olimdir. Shunga qaramay, u ham VK, ham Telegram yaratilishida katta rol oʻynagan.

Kuni kecha Parij sudi Telegram asosichi Pavel Durovga mamlakatni tark etishga ruxsat berdi. U 25 avgust kuni ushlangan edi. 28 avgustda esa uning akasi — Nikolay ham qidiruvda ekani maʼlum boʻldi. Politico nashrining maʼlumotlariga koʻra, har ikki aka-ukaga nisbatan hibsga olish orderlari mart oyi oxiridayoq chiqarilgan — bu Telegram Fransiya va Yevropadagi hukumat organlari bilan hamkorlik qilishdan bir necha marta bosh tortganidan soʻng sodir boʻlgan.
Nikolay Durov oʻzining ukasi Paveldan butunlay farq qiladi. U jamoatchilikka tanilmagan shaxs va fundamental fanlar bilan shugʻullanuvchi olimdir. Shunga qaramay, u ham VK, ham Telegram yaratilishida katta rol oʻynagan.
Nikolay Durov kim?
Nikolay Durov 1980 yilda tugʻilgan — u Pavel Durovdan toʻrt yosh katta. Durovlar oilasi otasi —Valeriy Semyonovich Durov, mashhur filolog boʻlib, qadimgi Rim tarixi boʻyicha mutaxassis edi. 1992-yildan boshlab u Sankt-Peterburg davlat universitetining filologiya fakultetida klassik filologiya kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritgan.
1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshlarida Durovlar oilasi bir necha yil Italiyada yashagan — u yerda Valeriy Turin universitetida ishlagan. Ammo 1992-yilda ular Rossiyaga qaytishgan, chunki Valeriyga kafedra mudirligi lavozimi taklif qilingan.
Ikki aka-uka bolalikdan texnologiyalarga qiziqqan. Nikolay butun yoshligini matematikaga havas bilan bagʻishlagan va elita hisoblangan 239-FML maktabidagi matematika toʻgaragida shugʻullangan — aynan shu tizim toʻgaraklaridan mashhur matematik Grigoriy Perelman ham yetishib chiqqan. Yosh Nikolay haqidagi tasvirlar uni fanga chuqur shoʻngʻib ketgan, lekin oddiy maishiy va ijtimoiy muammolarni hal qilishda qiyinchilik sezadigan shaxs sifatida tavsiflaydi. Ammo u oʻziga oʻxshash insonlar orasida oʻsgan, shuning uchun oʻsha muhitda oʻzini ancha qulay his qilgan boʻlishi mumkin.
1996-1998-yillarda Nikolay xalqaro matematika olimpiadasida Rossiya sharafini himoya qilib, uch marta ketma-ket oltin medal yutgan. 1998-yilda esa Sankt-Peterburg davlat universitetining matematika-mexanika fakultetiga oʻqishga kirgan.
Ikkinchi kursdayoq, Nikolay ishtirok etgan dasturchilar jamoasi Assotsiatsiya hisoblash texnikasi (ACM) tomonidan oʻtkaziladigan nufuzli xalqaro dasturlash tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
Ilmiy faoliyati
2005-yilda Nikolay Durov Sankt-Peterburg davlat universitetida “Arakelov geometriyasiga yangi yondashuv” mavzusida dissertatsiya himoya qilgan. Shundan soʻng, u ilmiy faoliyatini Germaniyaning Bonn universitetida davom ettirgan va 2007-yilda “Arakelovning singulyar geometriyasi” mavzusida ikkinchi dissertatsiyani himoya qilgan.
Arakelov geometriyasi — bu klassik geometriya va sonlar nazariyasi gʻoyalarini birlashtiruvchi matematikaning bir sohasidir. U abstrakt matematik tizimni tasvirlaydi, unda ham uzluksiz (geometriyaviy), ham diskret (sonli) elementlar mavjud.
Bu nazariy soha boʻlib, asosan sonlar nazariyasidagi murakkab masalalarni hal etish uchun qoʻllaniladi. Shu bilan birga, u kriptografiya bilan ham bogʻliq — aynan shu sohada Nikolay keyinchalik ilmiy tadqiqotlarini amaliyotga tatbiq etishga qiziqib qolgan.
Nikolay Durovning ilmiy ishlari unchalik koʻp emas — Math-net saytida uning beshta ilmiy maqolasi va toʻrtta maʼruzasi qayd etilgan. Birinchi maqolasi 2004-yilga, oxirgisi esa 2018-yilga tegishli.
Ehtimol, uning ishlari kamligi sababi 2006-2007-yillardan boshlab u fundamental fanlardan uzoqlashib, ukasi Pavelning tijoriy loyihalariga toʻliq kirishgan va ilmiy faoliyatini xobbi sifatida davom ettirgan.
Nikolay Durovning “VKontakte” yaratilishidagi roli katta boʻlgan, ammo uning aniq vazifalari nomaʼlumligicha qolmoqda. Aka-ukaning taʼkidlashicha, VKʻning kodi va dizaynini Pavel mustaqil ishlab chiqqan, Nikolay esa loyihaga faqat 2008-yilda – mutaxassislashgan maʼlumotlar bazasi tizimlarini ishlab chiqish zarurati tugʻilganidan keyin qoʻshilgan. Biroq, Anton Rozenbergning soʻzlariga koʻra, Nikolay Durov aslida 2007-yildanoq VKʻning texnik direktori boʻlgan va uni oʻz yordamchisi sifatida ishga taklif qilgan. Ular birgalikda kompaniyaning deyarli barcha texnik ishlarini bajargan: uskunalarni boshqarish, yangi serverlarni sozlash, tizim yuklamasini balanslash, avariyalardan soʻng tiklash, DDoS-hujumlardan himoyalash, PHP-kodni tuzatish va hatto yangi servislar ishlab chiqish. Demak, Nikolay Durov “VKontakte”ning faoliyatida faqat maʼlumotlar bazasi bilan cheklanib qolmagan, balki platformaning asosiy texnik infratuzilmasini shakllantirgan muhandislardan biri boʻlgan.
Jurnalist Nikolay Kononov ham oʻzining “Kod Durova” kitobida Nikolay Durov “VKontakte” paydo boʻlgan ilk kunlaridanoq barcha texnik masalalarga javobgar boʻlganini tasvirlaydi.
Bundan tashqari, Nikolay “VKontakte”ning faol foydalanuvchilaridan biri boʻlib, uning avatarida ukrain anarxisti Nestor Maxnoning portreti turgan.
2013 yilgacha Nikolay Durov “VKontakte”ning texnik direktori lavozimida qolgan, ammo aniq nimalar bilan shugʻullangani nomaʼlum. Ukasi Pavelning Rossiyadagi investorlar, aksiyadorlar va hukumat bilan mojarolari kuchaygan sari, Nikolayning ismi kompaniya tarixidan deyarli yoʻqolib borgan.
Bir yil oʻtib, aka-uka Durovlar ijtimoiy tarmoq ustidan nazoratni butunlay yoʻqotgan. Pavel Rossiya bilan ochiqchasiga aloqani uzib, Sent-Kits va Nevis orol davlatidan fuqarolik oladi. Anton Rozenbergning aytishicha, aynan shu vaqtga kelib Nikolay onasining uyidan koʻchib chiqib, oʻz shaxsiy kvartirasiga joylashadi.
Nikolay ilmiy faoliyatini ham davom ettirgan — 2011-yilda u Rossiya Fanlar akademiyasining V.A. Steklov nomidagi Matematika institutining Sankt-Peterburg boʻlimi (POMI RAN) xodimi sifatida ilmiy maqola nashr qilgan. Maʼlumotlarga koʻra, 2017 va 2021-yillarda u POMIdan maosh olgan.
2013-yilda Nikolay oʻzining MTProto nomli shifrlash protokolini ishlab chiqadi, u keyinchalik Durovlar yangi loyihasi — Telegramʻning asosiga aylanadi. Pavel Durovning soʻzlariga koʻra, bu protokol avval boshda aka-uka oʻrtasida xavfsiz muloqot uchun yaratilgan.
Bu gʻoya Durovlar xayoliga 2011-yilda kelgan. Oʻsha paytda Rossiyada ommaviy namoyishlar boshlangan, Pavel esa toʻsatdan uyiga tintuv bilan kelgan xavfsizlik xizmatlari haqida akasiga xabar berish uchun SMSdan boshqa ishonchli aloqa kanaliga ega emasligini tushunib qolgan.
Telegramʻning yangi loyihasida Nikolay texnik direktorga aylanadi. Unga bogʻliq ilk yirik mojarolardan biri 2017-yilda yuz beradi. Oʻsha yili Nikolayning bolalik doʻsti va sobiq hamkasbi Anton Rozenberg Telegramʻdan haydaladi. Rozenberg bu haqda uzun bayonot chop etgan va unda Nikolay uning qiziga — kelajakdagi rafiqasiga — oshiq boʻlgani sababli ishdan boʻshatilganini daʼvo qiladi.
Bundan tashqari, Rozenberg Telegramʻning ichki mexanizmi haqida bir qator maxfiy maʼlumotlarni oshkor qilgan. Unga koʻra, mojaro davomida uning chat tarixi toʻsatdan yoʻqolgan, bir kun oʻtib esa qayta tiklangan. Rozenbergning taxminicha, buni Nikolay Durov qilgan, chunki aynan u Telegramʻning matn muharriri (text engine) mualliflari orasida koʻrsatilgan va ushbu funksiyani amalga oshirish imkoniga ega boʻlgan.
Rozenberg Nikolayni oʻta gʻalati shaxs sifatida tasvirlaydi: u kundalik hayotda mustaqil boʻlmagan, onasiga kuchli bogʻlanib qolgan, hatto moliyaviy ishlarini ham u boshqargan. Onasi hatto “VKontakte”dagi sayt koʻrilganlik statistikalarini kuzatib borgani aytiladi.
Sankt-Peterburg davlat universiteti forumida Nikolay Durovning nikneymi K.O.T. boʻlgan, keyinchalik bu “Kot” (Mushuk) taxallusiga aylangan va vaqt oʻtishi bilan uning haqiqiy ismini deyarli butunlay siqib chiqargan. Rozenbergning aytishicha, Nikolay oʻzini mushuk deb hisoblaydi, onasini esa “Katta Mushuk” deb ataydi, koʻchada va restoranlarda miyovlashni yoqtiradi va hatto boshqalarni ham shunday qilishga chaqiradi.
Rozenberg Nikolayning bunday xatti-harakatlari qayerdan kelib chiqqanini aniq bilmasligini aytgan. Bolalik davrida bunday holatlar kuzatilmagan, shuning uchun “K.O.T.” abbreviaturasi nimani anglatishini u Nikolaydan bir necha bor soʻragan, ammo javob ololmagan. Bir taxminga koʻra, bu ularning Morfey (Morfeus) ismli mushugi oʻlgani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Hatto uchrashuvlar vaqtida Nikolay osmonga qarab: “Morfeyushka qayerda?..” deb soʻrashi, uni bilmagan odamlarni qattiq hayratga solgan.
Oʻz navbatida, Pavel Durov Anton Rozenbergning Telegramʻdan boʻshatilishiga aloqasi yoʻqligini taʼkidlaydi va Rozenbergni ruhiy kasallikdan aziyat chekayotgan odam sifatida tasvirlaydi.
TON sarguzashti: Nikolay Durovning muvaffaqiyatsiz kriptoolami
Nikolay Durovning ilmiy qiziqishlaridan biri kriptografiya boʻlgan. Pavel esa oʻzini libertarian deb hisoblagan va markazlashgan nazoratga qarshi chiqqan (umuman olganda, Durov aka-ukalarning siyosiy qarashlari doimo oʻxshash boʻlgan). Shu sababli, ular blokcheyn va kriptovalyutalardan chetda turolmagan.
2018-yilda Telegram ulkan loyiha — TON (Telegram Open Network) kriptovalyuta ekotizimini taqdim etadi. Bu markazlashmagan tarmoq boʻlib, u yerda foydalanuvchilar xabar almashish, Gram kriptovalyutasi orqali toʻlovlarni amalga oshirish, xaridlar qilish, smart-kontraktlar tuzish, proksi orqali blokirovkalarni chetlab oʻtish va turli ilovalardan foydalanish imkoniga ega boʻlishi kerak edi.
Gram kursi investorlardan tashkil topgan Markaziy Bank tomonidan nazorat qilinishi, ular tokenlarni sotib olish va sotish orqali bozorni muvozanatda ushlab turishi kerak edi.
Loyiha gʻoyasi Pavelnikimi yoki Nikolayniki ekani aniq emas. Biroq, TONʻga oid barcha rasmiy hujjatlar Nikolay Durov nomi bilan imzolangan.
Loyiha koʻplarni ilhomlantirdi — investorlar orasida hatto Roman Abramovich ham bor edi. Biroq, 2019-yilda AQSH qimmatli qogʻozlar boʻyicha komissiyasi (SEC) Gram savdosini taqiqladi. Regulyatorning fikricha, bu kriptovalyuta emas, balki investorlar uchun qimmatli qogʻoz boʻlgan.
Shundan soʻng, TON Telegramʻdan ajraldi va uni mustaqil ishlab chiquvchilar jamoasi rivojlantirishni davom ettirdi.
Ushbu voqeadan keyin ham Nikolay Durov haqidagi juda kam uchraydigan ommaviy maʼlumotlar butkul yoʻqoldi.
Rasman, u hali ham POMI RAN (Rossiya Fanlar akademiyasi, Steklov instituti) xodimi sifatida koʻrsatiladi.