Uorren Baffett — kamtar hayot tarzi va donolik bilan qilingan sarmoyalari orqali jahon moliyasida tengsiz maqomga erishgan investor. U global beqarorlik va savdo urushlari davrida ham oʻz boyligini oshib bormoqda.
Bloomberg Billionaires Index maʼlumotlariga koʻra, afsonaviy amerikalik investor Uorren Baffet joriy yilda oʻz boyligini 11,5 milliard dollarga oshirishga muvaffaq boʻlgan va uning umumiy boyligi 153,5 milliard dollarga yetgan. Bu juda katta natija, ayniqsa, AQSH prezidenti Donald Tramp boshlab bergan savdo urushlari fonida dunyodagi koʻplab badavlat insonlar katta yoʻqotishlarga uchraganini hisobga olsak.
Hozirda 94 yoshli Baffet dunyodagi eng boy insonlar roʻyxatida toʻrtinchi oʻrinni egallab turibdi. Taʼkidlash joizki, Bloomberg reytingida joy olgan eng boy 20 milliarderdan faqat u va LʻOreal SA kompaniyasi merosxoʻri Fransuaza Bettankur Meyers ushbu murakkab davrda oʻz boyliklarini koʻpaytirishga erishgan. Bettankur Meyers reytingda 19-oʻrinni egallagan va soʻnggi investitsiyaviy vahima paytida 1,8 milliard dollar daromad olgan.
Baffettning yutugʻiga zid ravishda Ilon Maskning vaziyati ancha murakkab. U dunyodagi eng boy inson boʻlib qolmoqda, ammo joriy yilda u ulkan — 134,7 milliard dollar yoʻqotgan. Uning umumiy boyligi 297,8 milliard dollarga tushib ketgan va 2024 yil noyabridan beri ilk bor 300 milliard dollar chegarasidan pastga tushmoqda.
Baffett rahbarlik qiladigan Berkshire Hathaway Inc. kompaniyasi aksiyalari ham 2 apreldan beri 8,8 foizga arzonlashgan boʻlsa-da, bu koʻrsatkich S&P 500 indeksidagi umumiy 10,7 foizlik tushishdan yaxshiroq natijadir. Baffettning konglomerati nisbatan barqarorligini bir necha omillar bilan izohlash mumkin:
- Berkshire Hathaway katta ulushga ega boʻlgan koʻchmas mulk sektori savdo urushlarining salbiy taʼsiridan nisbatan himoyalangan holda qolmoqda;
- Koʻplab investorlar Baffett katta xaridlarga tayyorlanayotgan boʻlishi mumkin, degan taxminni ilgari suryapti.
Qizigʻi shundaki, soʻnggi choraklarda Baffett katta miqyosdagi bitimlardan voz kechgan va Apple Inc. hamda Bank of America Corp. kabi kompaniyalardagi ulushini kamaytirgan. Bu kompaniyalar Trampning yangi boj siyosatlari eʼlon qilinganidan soʻng katta yoʻqotishlarga uchradi.
Jami 500 nafar dunyodagi eng boy insonlar prezident Trampning bayonotidan soʻng ikki savdo sessiyasida 500 milliard dollardan ortiq mablagʻni yoʻqotdi. Aprel boshida bozorlardagi kuchli tushishlar natijasida ularning boyligi 208 milliard dollarga kamaydi. Eng katta yoʻqotishlarga duch kelgan tadbirkorlar qatorida Mark Sukerberg, Jeff Bezos va yuqorida tilga olingan Ilon Mask bor.
Uorren Baffett: “Omahalik bashoratchi”
Uorren Baffett — faqatgina investor emas, balki Amerika orzusining taniqli timsoli. Olti yoshida saqich sotishni boshlagan, oʻn bir yoshida esa ilk aksiyalarini sotib olgan bola, bugungi kunda dunyo bozorlarini larzaga sola oladigan sarmoyadorga aylangan.
Shu bilan birga, Baffett oddiy turmush tarzini afzal koʻradi — u 1958 yilda 31 500 dollarga sotib olgan uyida 60 yildan ortiq vaqtdan beri yashab kelmoqda, shohona tushliklar oʻrniga gamburger va koka-kolani tanlaydi, ishga esa haydovchi yoki qoʻriqchilarsiz, oʻzi yurib boradi.
“Omahalik bashoratchi” nafaqat moliyaviy zakovat bilan, balki hayratlanarli kamtarligi bilan ham tanilgan. U oʻz boyligining 99 foizini xayr-ehsonga yoʻnaltirishga vaʼda bergan va hozirgacha 49 milliard dollardan ziyod mablagʻni ehson qilgan. Jurnalistlar undan nega butun boyligini farzandlariga qoldirmasligini soʻrashganda, Baffett oʻziga xos hazili bilan javob bergan:
“Ular istagan narsalarini qila olishlari uchun yetarlicha, lekin hech narsa qilmay yashashlari uchun yetmaydigan miqdorda meros qoldiraman”.
Uning oʻgʻli Hovard fermerlik, qizi Syuzan esa xayriya jamgʻarmasiga rahbarlik qiladi.
Baffett muvaffaqiyatli investitsiyalar boʻyicha eng toʻgʻri bashoratlarni amalga oshira oladi, ammo uning eng mashhur sarmoyasi — 1965 yilda xarid qilgan muammoli toʻqimachilik biznesi Berkshire Hathaway boʻldi. Oʻsha paytda 19 dollar turadigan aksiyalar bugun A sinfidagi aksiyalar uchun 500 000 dollardan ortiqqa baholanadi. Agar siz 1965 yilda Berkshire Hathawayga 1000 dollar sarmoya qilgan boʻlganingizda, bugungi kunda bu mablagʻ 27 million dollardan ortiq boʻlardi.
Afsonaviy investor oʻzining sabr-toqati bilan mashhur. U koʻpincha quyidagi fikrni keltiradi:
“Aksiyalarni sotish uchun eng yaxshi vaqt — hech qachon”.
Yoshiga qaramasdan, Baffett hanuzgacha zehni tiniqligi va ishchanlik qobiliyatini saqlab qolgan. U har kuni taxminan 500 bet hujjat va hisobot oʻqiydi, ish vaqtining 80 foizini esa shunchaki fikr yuritishga sarflaydi. Uning ofisida deyarli kompyuter yoʻq, oʻzi esa yaqindagina knopkali telefonini smartfonga almashtirdi. Uning mashhur iboralaridan biri:
“Xavf — sen nimani qilayotganingni bilmasligingdan kelib chiqadi”.
Ana shu falsafa va boshqalar koʻra olmagan qiymatni koʻra olish qobiliyati Baffettga koʻp yillar davomida moliya olamida yetakchi boʻlib qolish imkonini berdi — hatto bozorlar inqiroz va sarosimadan larzaga kelgan paytlarda ham.