Davlat fuqarolik xizmatchilariga davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablagʻlar, shu jumladan, davlat maqsadli jamgʻarmalari hisobidan qoʻshimcha toʻlovlarni toʻlash mexanizmlari bekor qilinadi.
Hukumat qarori bilan “2025-2030 yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi” tasdiqlandi.
Davlat moliyasini boshqarish sohasidagi islohotlarni tizimlashtirish, byudjet barqarorligini taʼminlash va intizomini kuchaytirish orqali byudjet taqchilligini qisqartirib borish, byudjet ochiqligini taʼminlash, soliq maʼmurchiligini yaxshilash va uning samaradorligini yanada oshirish, byudjet xarajatlari natijadorligiga erishish, davlat qarzini makroiqtisodiy xavfsiz darajada ushlab turish va Davlat byudjeti likvidliligini oshirish strategiyaning asosiy maqsadlari hisoblanadi.
Quyidagilar Strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi, jumladan:
- byudjet intizomini taʼminlash mexanizmlarini kuchaytirish;
- oʻrta muddatli byudjetlashtirishda strategik ustuvorlikni taʼminlash;
- davlat xarajatlari va investitsilarining samaradorligi hamda natijadorligini oshirish.
Strategiyani amalga oshirish davri 2025 yildan 2030 yilgacha moʻljallangan boʻlib, unda qayd etilgan ustuvor yoʻnalishlar doirasida 16 ta maqsad belgilab olingan. Shuningdek, mazkur maqsadlarga bosqichma-bosqich erishishni taʼminlovchi vazifalar va amaliy tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Strategiyada davlat fuqarolik xizmatchilarining lavozim maoshlarini yagona prinsip asosida shakllantirish koʻzda tutilmoqda.
Unga koʻra, davlat fuqarolik xizmatchilariga davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablagʻlar, shu jumladan, davlat maqsadli jamgʻarmalari hisobidan qoʻshimcha toʻlovlarni toʻlash mexanizmlari bekor qilinadi.
Shuningdek, ayrim turdagi davlat bojlari, majburiy yigʻimlar, toʻlovlar, jarimalar va ajratmalar hisobidan shakllantiriladigan vazirlik va idoralaring byudjetdan tashqari jamgʻarma hisobvaraqlarini qisqartirish tartibi ishlab chiqiladi va hukumatga kiritiladi.