Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat byudjeti siyosati departamenti tomonidan vazirlik va idoralarning ichki audit hamda moliya-buxgalteriya tuzilmalari xodimlari uchun tashkil etilgan onlayn seminarda shu masala muhokama qilindi.

Seminarni Davlat organlari ichki audit tuzilmalari faoliyatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Azamat Jabborov ochib, byudjet tashkilotlarida moliyaviy shaffoflikni ta’minlash va buxgalteriya tuzilmalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini ta’kidladi.

Xo‘sh, hisob siyosatining ahamiyati nimada? Hisob siyosati har bir tashkilot, jumladan, byudjet tashkilotlari uchun moliyaviy hisobotlarni shakllantirish va boshqarishda asosiy hujjatlardan biri hisoblanadi. U moliyaviy shaffoflikni ta’minlash, mablag‘lardan samarali foydalanish va hisobotlar aniqligiga erishishda muhim rol o‘ynaydi.

Tadbirda Byudjet jarayonini takomillashtirish va hisob uslubiyoti boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Narzullayev byudjet tashkilotlarida hisob siyosatini ishlab chiqish tartibi, uning ahamiyati va zaruriyati haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, 1-sonli BHS “Hisob siyosati” standarti bo‘yicha amaliy tavsiyalar va yechimlarni o‘z ichiga olgan taqdimot namoyish etildi.

Seminar davomida ishtirokchilarga hisob siyosatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi, buxgalteriya xizmati tuzilmasi, inventarizatsiya o‘tkazish va mulkni baholash usullari, asosiy fondlarni qayta baholash, tovar (ish, xizmat)lar kalkulyatsiyasini shakllantirish tartibi kabi masalalarda tushunchalar berildi.

Qayd etilganidek, hisob siyosati tashkilotning moliyaviy faoliyatini tartibga soladi, uning hisob-kitoblari ochiq va tushunarli bo‘lishini ta’minlaydi. Hisobotlarning yagona me’yorlarga asosan yuritilishi, ya’ni har bir tashkilot hisob siyosatini belgilab, moliyaviy hujjatlarini standartlashtirilgan tartibda yuritadi. Moliyaviy hisob-kitoblarda xatoliklar va xatarlarning oldini olishga yordam beradi.

Seminar qizg‘in savol-javob va munozaralar tarzida o‘tkazildi. Ishtirokchilar byudjet hisobining turli standartlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldi. Shuningdek, hisob siyosatiga doir amaliyotda uchraydigan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha fikr almashildi.

Tadbir yakunida qaysi yo‘nalishlarda qo‘shimcha seminarlar tashkil etish lozimligi bo‘yicha so‘rovnoma ham o‘tkazildi. Unga ko‘ra, ishtirokchilar asosan byudjet hisoboti, yagona schyotlar rejasi va tovar-moddiy zaxiralar bo‘yicha bilimlarini oshirishga ehtiyoj borligini bildirdi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda qo‘shimcha o‘quv va amaliy seminarlar tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.