O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan davlat tibbiyot muassasalarida tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilishning yangi tartibi joriy etiladi. Bu prezidentning 4-noyabrdagi qarorida belgilandi.

Yangi tartibga ko‘ra, autsorsing shartnomalari xizmat turi va xususiy kompaniya kiritadigan investitsiya hajmiga qarab besh yilgacha muddatga tuziladi. Investitsiyani qoplash muddatini hisobga olgan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligi xulosasi asosida ayrim shartnomalar istisno tariqasida 10 yilgacha tuzilishi mumkin.

Yangi tartib kuchga kirguniga qadar muddati tugaydigan autsorsing loyihalarini esa 2027-yil oxirigacha davom ettirishga ruxsat beriladi.

Autsorsing shartnomasi doirasida tibbiyot muassasalarining bino va inshootlari, ularning ayrim qismlari yoki xonalari xizmat ko‘rsatuvchilarga tekin foydalanishga berilishi mumkin. Bunda bunday foydalanishning iqtisodiy maqsadga muvofiqligi asoslantirilishi va xarajatlar xizmat narxida hisobga olinishi kerak.

“Tibbiyot autsorsingi” tizimi ishga tushiriladi

2027-yil 1-aprelga qadar “Tibbiyot autsorsingi” elektron axborot tizimi joriy etiladi. Unda autsorsingga beriladigan xizmatlar, loyihalar, xizmat ko‘rsatuvchilar va tuzilgan shartnomalarning yagona elektron reyestri yuritiladi.

Tizim orqali xizmatlarning hajmi va sifati, samaradorlik ko‘rsatkichlari, xizmatlarni qabul qilish natijalari, to‘lovlar hamda shartnoma majburiyatlarining bajarilishi monitoring qilinadi.

2027-yil 1-mayga qadar tizim davlat xaridlari elektron tizimlari va boshqa davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

Yirik tibbiyot muassasalariga xususiy investitsiyalar jalb qilinadi

Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha uzoq va qisqa muddatli master-rejalar asosida davlat va xususiy sektor ishtirokining yangi mexanizmlari ham joriy etiladi.

Davlat kafolatlagan tibbiy yordamni ko‘rsatish uchun zarur muassasalar davlat tasarrufida saqlanadi. Yirik kapital qo‘yilmalarni talab qiladigan yangi tibbiyot muassasalari esa, qoida tariqasida, xususiy investitsiyalar jalb qilingan holda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

2030-yilgacha kamida beshta yirik tibbiyot tashkilotiga xorijiy professional boshqaruv kompaniyalari va boshqaruvchilar guruhlarini jalb qilish rejalashtirilgan. Ular, qoida tariqasida, ochiq va raqobatli tanlov asosida saralanadi.

Professional boshqaruvchilarning faoliyati har yili shartnomada belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholanadi. Natijalarga ko‘ra shartnomani davom ettirish, qayta ko‘rib chiqish yoki bekor qilish masalasi hal etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2027-yildan boshlab har yili 1-noyabrga qadar xususiy investitsiyalar va davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan ustuvor loyihalar ro‘yxatini shakllantirib, rasmiy saytida e’lon qiladi.

Shuningdek, Bosh prokuratura 2027-yil 1-aprelga qadar tibbiyot muassasalarining bino va inshootlari hamda yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha amaldagi shartnomalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazadi.

Qaror bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida loyiha ofisini tashkil etish taklifi ham ma’qullangan. U tibbiyot muassasalarini loyihalash va qurishga oid normalarni qayta ko‘rib chiqib, ularni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish bilan shug‘ullanadi.