Prezident davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonun loyihasini tez fursatda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyib, 1 aprelgacha kiritishni topshirdi. Bu borada xorij amaliyoti qanday? Oʻzi daromadlarni deklaratsiyalash tizimi qayerdan paydo boʻlgan? Quyida shu haqida maʼlumot beramiz.
Davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiyalash tizimi oʻzining zamonaviy shaklida Ikkinchi jahon urushidan soʻng AQSHda rivojlana boshlagan. Davlat mansabdor shaxslarining daromadlarini jamoatchilikka oshkor etish zarurligi haqidagi rasmiy bayonot ilk bor 1951 yilda prezident Trumenning Kongressga murojaatida yangragan.
Biroq, avvaliga deklaratsiya qilish gʻoyasi amaliyotga alohida shtatlar darajasida joriy etila boshlagan. Faqat 1978 yilda AQSH Kongressi hukumatda etika toʻgʻrisidagi qonun (Ethics in Government Act)ni qabul qiladi, u barcha uch hokimiyat tarmogʻidagi maʼlum bir darajadan yuqori boʻlgan davlat xizmatchilari uchun moliyaviy maʼlumotlarni oshkor etish majburiyatini belgilaydi. Deklaratsiyalash gʻoyasining amaliyotda uzoq vaqt davomida toʻliq joriy etilmasligining asosiy sababi – jamiyatda davlat tashkilotlari xodimlari tomonidan shaxsiy hayotga oid maʼlumotlarni oshkor etish masalasida kelib chiqqan tortishuvlar edi. Buni 1970-yillarda oshkor etiladigan maʼlumotlarning hajmi va xususiyati boʻyicha koʻplab sud ishlarining mavjud boʻlgani tasdiqlaydi.
Buyuk Britaniyada mansabdor shaxslar daromadlari, mulki va moliyaviy manfaatlarini oshkor etish talabini belgilagan Korrupsiyaning oldini olish toʻgʻrisidagi qonun (Prevention of Corruption Act) 1889 yilda qabul qilingan. Qiziqarli jihati shundaki, Britaniya parlamenti uzoq vaqt davomida maʼlumotlarni oshkor etish boʻyicha qatʼiy talablarni qabul qilishdan tiyilib kelgan, buni oʻz aʼzolarining halolligi va oʻzini tiyish xislati bilan izohlagan. Faqat 1974 yilda Quyi palata manfaatlarni deklaratsiyalash reyestrini (Register of Interests) joriy etadi.
Gʻarbiy Yevropada deklaratsiya qilish tizimlari oʻtgan asrning 80-yillarida shakllana boshlagan. 80-yillarning oxiri va 90-yillarning boshlaridan, Sharqiy hamda Markaziy Yevropada demokratik islohotlar jarayonlari boshlangan davrda, mansabdor shaxslar tomonidan daromad va mulkni deklaratsiya qilish amaliyoti ushbu davlatlarda ham qoʻllanila boshlaydi. Mustaqillikka erishgan, sobiq Sovet Ittifoqi tarkibida boʻlgan mamlakatlar orasida deklaratsiyalash talabi 1990-yillarda Belarus va Ukrainada (1993 yil), Latviyada (1994), Estoniyada (1995), Qozogʻistonda (1996), Gruziya va Litvada (1998) joriy etiladi. Keyinchalik, 2000-yillarda bu tizim Qirgʻiziston (2004 y.), Ozarbayjon (2005), Tojikiston (2006) va Rossiyada (2008) ham joriy qilinadi.
Davlat xizmatchilarining daromad va mulklarini deklaratsiya qilish boʻyicha ilk xalqaro kelishuvlar 1996 yilda qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi Amerikaaro konvensiyasi (Inter-American Convention Against Corruption) va 2003 yilda tasdiqlangan Afrika Ittifoqining Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi konvensiyasi (African Union Convention on Preventing and Combating Corruption) boʻldi. Yevropey Ittifoqida bu boradagi eng ilk hujjat 2000 yilda qabul qilingan Vazirlar Kengashining davlat xizmatchilari uchun xulq-atvor kodeksi toʻgʻrisidagi tavsiyasi boʻlib, u davlat xizmatchilarining daromad va mulklarini deklaratsiya qilish talabini belgilagan. Keyinchalik, Yevropey Ittifoqiga qoʻshilgan barcha yangi aʼzo davlatlar aʼzolikka kirishdan oldin korrupsiyaning oldini olish choralarini, jumladan, deklaratsiya tizimlarini joriy etgan.
BMTning mezonlari
Hozirgi vaqtda davlat xizmatchilari tomonidan oʻz moliyaviy va mulkiy holatini deklaratsiyalash global standartga aylangan. Bu 2003 yilda qabul qilingan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida ham oʻz ifodasini topgan. Konvensiyaning 8-moddasiga muvofiq, «har bir ishtirokchi davlat, oʻz ichki qonunchiligining asosiy prinsiplariga muvofiq holda va tegishli vaziyatlarda, davlat mansabdor shaxslarini oʻz xizmat faoliyati bilan manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan xizmatdan tashqari faoliyat, shugʻulanadigan ishlar, investitsiyalar, aktivlar hamda katta qiymatga ega sovgʻalar yoki imtiyozlar toʻgʻrisida deklaratsiya topshirishga majburlovchi choralar va tizimlarni joriy etishga intiladi».
BMT Konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha texnik qoʻllanma
2010 yilda qabul qilingan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha texnik qoʻllanma davlat mansabdor shaxslarining aktivlari va ulushlari boʻyicha maʼlumotlarni oshkor etishda quyidagi shartlarga rioya qilishni tavsiya etadi:
- Deklaratsiyada keltirilgan maʼlumotlar mansabdor shaxslar va ularning yaqin qarindoshlariga tegishli barcha muhim daromad va aktiv turlarini qamrab olishi kerak;
- Maʼlumotlarni taqdim etish shakllari mansabdor shaxslarning moliyaviy holatidagi oʻzgarishlarni oʻtgan yillar bilan taqqoslash asosida kuzatish imkonini berishi lozim;
- Deklaratsiya taqdim etish tartib va qoidalari aktivlarni yashirish imkoniyatlarini imkon qadar oldini olishi kerak;
- Davlat mansabdor shaxslari bilan yaqin aloqada boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning daromad va aktivlarini nazorat qilishning ishonchli tizimlari (masalan, soliq undirish va mulkni roʻyxatdan oʻtkazish tizimlari) taʼminlanishi kerak;
- Mansabdor shaxslar oʻz daromadlari va mulklari manbalarini asoslash/tasdiqlash majburiyatini qatʼiy bajarishi lozim;
- Keyinchalik noqonuniy boyliklarni oqlash maqsadida ishlatilishi mumkin boʻlgan “qogʻozda mavjud” aktivlarni deklaratsiya qilishning oldini olish choralari koʻrilishi kerak;
- Nazorat organlari samarali tekshiruv oʻtkazish uchun yetarli kadrlar, malaka, texnik imkoniyatlar va vakolatlarga ega boʻlishi zarur;
- Deklaratsiya talablarini buzganlik uchun qonunchilikda tegishli jazo choralari belgilab qoʻyilishi kerak.
BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida davlat xizmatchilari tomonidan maʼlumotlarni oshkor etish uchun asosiy mezon sifatida manfaatlar toʻqnashuvi koʻrsatiladi. Bu esa deklaratsiyalashning asosiy maqsadi mansabdor shaxsning xizmat majburiyatlari va shaxsiy manfaatlari oʻrtasida ziddiyat yuzaga kelishining oldini olish ekanligini tasdiqlaydi. Koʻp holatlarda manfaatlar toʻqnashuvining mavjudligi davlat xizmatchisining jamoat manfaatlariga zarar yetkazayotganini anglatmaydi. Ammo bunday holatda amaldor shaxsiy manfaatlar yoʻlida jamoat manfaatlariga qarshi harakat qilish vasvasasiga tushib qolish xavfi mavjud.
Oʻzbekistonda daromadlarni deklaratsiyalash masalasi
Daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiya nazarda tutadigan davlat xizmati toʻgʻrisidagi qonunni 2017 yil sentyabr oyida qabul qilish rejalashtirilgan edi, ammo bu muddat bir necha bor qoldirilgan. Sana esa 2020 yil 1 yanvar va 2021 yil 1 yanvar edi. 2023 yil may oyining oxirida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov prezident davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini dedeklaratsiyalash tizimini joriy etishni tezlashtirish toʻgʻrisida koʻrsatma berganini maʼlum qilgandi.
2022 yilning avgust oyida Burxonov qonun loyihasi va davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash tizimi tayyor ekanini taʼkidlagan. Keyinchalik u qonun loyihasi xalqaro tashkilotlar eʼtirozlari boʻyicha takomillashtirilayotganini qoʻshimcha qilgandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maʼlumotlariga koʻra, qonun loyihasi 4 bob va 24 moddadan iborat boʻlib, quyidagi masalalarni tartibga soladi:
- davlat xizmatchilari va ularning oila aʼzolari daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalashni tartibga solishning umumiy qoidalari;
- deklaratsiyalarni topshirish tartibi;
- deklaratsiyada aks ettirilishi kerak boʻlgan maʼlumotlar;
- deklaratsiyani tekshirish tartibi.
Shu bilan birga, hujjatda davlat xizmatchilarining daromadlari va mulki deklaratsiyasini ikki bosqichda joriy etish taklif etiladi:
- 1-bosqich — prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat va hukumat aʼzolari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari;
- 2-bosqich — boshqa davlat xizmatchilari (yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bundan mustasno).