1 noyabrdan boshlab barcha tadbirkorlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jismoniy shaxslardan naqd pulga sotib olganda, elektron kirim qilishi mumkin bo‘ladi. 1 yanvardan e’tiboran sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy bo‘ladi. Soliq hisobotini kechiktirganlik uchun jarimalar kamaytirilishi kutilmoqda.

2025 yil 1 noyabrdan boshlab barcha tadbirkorlik sub’yektlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jismoniy shaxslardan naqd pulga xarid qilganda, ushbu tovarlar uchun kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Bungacha ushbu tartib umumiy ovqatlanish korxonalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportyorlari uchun amal qilib kelayotgan edi.

Bu tartibning barcha tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etilishi – O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan uchrashuvidan keyin imzolagan farmonida ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 2 oy ichida quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi:

  • soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun ma’muriy jarima miqdori kichik tadbirkorlik sub’yektlarining mansabdor shaxslari uchun BHMning 10 baravaridan 3 baravariga, fuqarolar uchun BHMning 3 baravaridan 1 baravariga tushiriladi;
  • hisobot davrida bir nechta soliq turlari bo‘yicha soliq hisobotlari taqdim etilmagan holatda, barcha taqdim etilmagan hisobotlar bo‘yicha umumiy bitta jarima qo‘llanadi;
  • oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik sub’yektlariga soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun ma’muriy jarima 5 kungacha qo‘llanmaydi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy bo‘ladi. Mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvlari noqonuniy hisoblanadi.