Business India jurnalida IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2025) yakunlari hamda O‘zbekiston-Hindiston savdo-iqtisodiy hamkorligi istiqbollariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.
Nashr xalqaro sharhlovchisi Yyeshi Seli TXIF-2025ga Hindiston kompaniyalarining yirik delegatsiyasi kelgani haqida ma’lum qilgan. Uning tarkibidan, xususan, Hindiston sanoatchilari konfederatsiyasi (Confederation of Indian Industries – CII), Indo Rama, WAPCOS, Larsen & Toubro (L&T) va boshqa kompaniyalar vakillari o‘rin oldi.
«CII xalqaro forumga kon-metallurgiya sanoati, infratuzilmalar bo‘yicha konsalting xizmatlari va iqtisodiyotning boshqa muhim tarmoqlari mutaxassislarini jalb qildi. TXIF-2025 doirasida tashkil etilgan tadbirlarda barcha sohalarda yaratilgan qulay sharoitlarni inobatga olgan holda bugun O‘zbekistonga sarmoya kiritish uchun eng qulay vaqt ekani haqidagi g‘oya ilgari surildi», – deb ta’kidlagan jurnalist.
Business India muxbiri Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pantning quyidagi so‘zlaridan iqtibos keltirgan: «Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yuksalish yo‘nalishida rivojlanmoqda. Nodir minerallar, to‘qimachilik, farmatsevtika, sun’iy intellekt, shuningdek, qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud».
Nashr o‘quvchilarining e’tibori 2024 yil sentabr oyida imzolangan ikki tomonlama investitsiya bitimi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va ishonchli investitsiya muhitini yaratishga xizmat qilayotganiga qaratilgan.
Hindistonlik jurnalist o‘z maqolasida «yashil» energetika, infratuzilma loyihalari, turizm, ta’lim va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli sheriklik istiqbollarini ham batafsil yoritgan.