Tadbirkorlarning ham, aholining ham kommunal xizmatlarning oshishi, shuningdek, yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishidan xavotirlari oshgan. Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (19,1 foiz) va Toshkent viloyatida (18,1 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Sirdaryo (12,4 foiz) va Navoiy viloyatida (12,5 foiz) qayd etilgan. 

Markaziy bank fevral oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha yillik kutilmalari 15,3 foizni tashkil qilib, yanvar oyiga nisbatan 0,9 foiz bandga oshgan. Bu 2023 yilning fevral oyidan beri qayd etilgan eng baland ko‘rsatkich.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (63 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (52 foiz);
  • valuta kursi o‘zgarishi (41 foiz);
  • monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi (32 foiz).

O‘tgan oyda kelgusida narxlarga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan asosiy omil sifatida kommunal xizmatlarning qimmatlashuvini qayd etgan respondentlar ulushi ko‘paygan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Fevral oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 13,8 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,9 foiz bandga oshgan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (58 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (50 foiz);
  • valuta kursining o‘zgarishi (43 foiz);
  • transport xarajatlarining oshishi (34 foiz).

Kommunal xizmatlarning qimmatlashuvini inflatsiyaga asosiy sabab bo‘ladi deb hisoblovchi tadbirkorlarning ulushi oshgan.

So‘rovnomada qatnashganlar orasida eng yuqori inflyatsion kutilma ishlab chiqarish (16 foiz) sohasida ishlovchilarda kuzatilgan. Eng past kutilmani restoran sohasi vakillari (13,3 foiz) belgilagan. Tadbirkorlik sub’yektlari orasida eng pessimistik kutilma qurilish (15 foiz) sohasiga, eng optimistik kutilma esa turizm (11,8 foiz) sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (19,1 foiz) va Toshkent viloyatida (18,1 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Sirdaryo (12,4 foiz) va Navoiy viloyatida (12,5 foiz) qayd etilgan. O‘z navbatida tadbirkorlarning kutilmalari Toshkent shahri (17,8 foiz) va Farg‘ona viloyatlarida (15,1 foiz) baland, Surxondaryoda (12 foiz) esa eng past bo‘lgan.

Daromadlari 15 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari respublika bo‘yicha eng yuqori darajada shakllangan – 20,4 foiz. Toshkent shahrida 17 foiz va undan yuqori inflatsiya kutayotganlar ulushi 55 foizga yetgan.