Oʻzbekiston global strategik minerallar bozorida yirik oʻyinchiga aylanish salohiyatiga ega. Konchilikni kengaytirish investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirishi mumkin, biroq notoʻgʻri boshqaruv Orol dengizi inqirozida kuzatilganidek, katta ekologik zarar keltirishi ehtimoli bor.

East Asia Forum Oʻzbekistondagi yerosti boyliklari, ulardan toʻgʻri foydalanish, ekologik falokatlarning oldini olishga qaratilgan maqolani chop etdi. Quyida ushbu maqolani toʻligʻicha taqdim etamiz.

Oʻzbekiston tanlov yoqasida turibdi. Toza energiya va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uchun muhim boʻlgan strategik minerallarga global talab misli koʻrilmagan darajada oʻsib bormoqda. Oltin, mis, litiy va nodir elementlariga boy Oʻzbekiston dunyoning yirik yetkazib beruvchilaridan biriga aylanish imkoniyatiga ega. Biroq, tarix shuni koʻrsatadiki, bunday boylik yomonlikka xizmat qilishi ham mumkin.

Elektromobillar, qayta tiklanadigan energiya manbalari va raqamli texnologiyalarga oʻtish jarayoni muhim minerallarga boʻlgan talabni keskin oshirdi. Oʻzbekiston 2024 yilda dunyoda eng koʻp oltin ishlab chiqaruvchi 10 davlat qatoriga kirgan va mis eksportchisi sifatida oʻsishda davom etmoqda. Endi esa u oʻzining hali toʻliq oʻzlashtirilmagan strategik minerallar va nodir yerosti minerallari mavjud konlaridan foyda koʻrish imkoniyatiga ega. Agar bu soha oqilona boshqarilsa, milliardlab investitsiyalarni jalb qilish, ish oʻrinlari yaratish va mamlakatni global iqtisodiyotda yuqori pogʻonaga olib chiqish mumkin.

Ammo xavflar ham kame mas. Tabiiy resurslarga boy davlatlar koʻpincha “resurs laʼnati” deb ataluvchi muammoga duch kelishadi — iqtisodiy yuksalishdan soʻng ekologik halokat, korrupsiya va beqarorlik yuzaga keladi. Oʻzbekiston ham bundan mustasno emas. Qozogʻistonning sanoat chiqindilari Sirdaryo daryosini ifloslantirayotgani tufayli transchegaraviy suv muammosi allaqachon jiddiy tahdidga aylangan. Ogʻir metallar, mishyak va boshqa toksik moddalar qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va jamoat salomatligiga zarar yetkazmoqda. Agar qatʼiy ekologik choralar koʻrilmasa, konchilik sohasining kengayishi katta imkoniyatni ekologik falokatga aylantirishi mumkin.

Oʻzbekistonning konchilik sohasidagi ambitsiyalari ekologik muammolarning klassik namunasini — “jamoat fojiasi”ni aks ettiradi. Agar alohida manfaatdor tomonlar uzoq muddatli barqarorlikdan koʻra qisqa muddatli foydani ustun qoʻysa, umumiy resurslar — suv va havo kabi neʼmatlar qayta tiklab boʻlmaydigan darajada zarar koʻradi. Sirdaryo inqirozi bunday muammolar uchun yorqin misoldir.

Tarixda bunday mojarolar koʻp uchragan. AQSH va Meksika oʻrtasidagi Kolorado daryosi mojarosida yuqori oqimdagi nazoratsiz suv sarfi pastki oqimdagi hududlarda suv tanqisligiga olib kelgan. Natijada, ikki davlat oʻrtasida qatʼiy suv boshqaruvi shartnomalari imzolanib, adolatli taqsimot va barqarorlikni taʼminlashga harakat qilingan.

Xuddi shuningdek, Mekong daryosi ham Xitoyning yuqori oqimida qurilgan toʻgʻonlari tufayli Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarida suv sathining keskin pasayishidan zarar koʻrdi. Bu esa qishloq xoʻjaligi mahsuldorligiga tahdid solmoqda. Mekong mintaqasidagi hamkorlik kelishuvlari yaxshiroq suv boshqaruvini yoʻlga qoʻyishga yordam berdi. Oʻzbekiston ushbu yondashuvlarni oʻrganib, moslashuvchan strategiyalar va siyosatlarni joriy qilish orqali foyda koʻrishi mumkin.

Markaziy Osiyodagi eng mashhur ekologik falokatlardan biri — Orol dengizi inqirozi sanoat rivojlanishini notoʻgʻri boshqarish oqibatlarining yaqqol dalilidir. Bir vaqtlar dunyoning toʻrtinchi yirik koʻli boʻlgan Orol dengizi paxta yetishtirish maqsadida yuqori oqimdagi suvlarning haddan tashqari burib yuborilishi natijasida uning avvalgi hajmining atiga 10 foizi qolgan xolos. Bu ekologik falokat mahalliy iqtisodiyotni vayron qildi, biologik xilma-xillikni yoʻq qildi va hozirgacha jamoat salomatligiga tahdid solayotgan zaharli chang boʻronlarini keltirib chiqardi. Orol dengizi inqirozi barqaror boʻlmagan resurslardan foydalanish va yomon boshqaruv natijasida yuzaga kelgan, shuning uchun u Oʻzbekiston uchun muhim ogohlantiruvchi dars boʻlib xizmat qiladi, ayniqsa, mamlakat strategik minerallar sohasini kengaytirayotgan bir paytda.

Oʻzbekistonning strategik minerallar bozoridagi kelajagi faqat uning tabiiy boyliklariga emas, balki ushbu resurslarni boshqarish boʻyicha amalga oshiradigan siyosatlariga ham bogʻliq boʻladi. Atrof-muhit inqirozidan qochish va uzoq muddatli iqtisodiy muvaffaqiyatga erishish uchun hukumat bir nechta yoʻnalishda qatʼiy choralar koʻrishi kerak.

Oʻzbekiston Qozogʻiston bilan majburiy kelishuvlar tuzib, sanoat chiqindilarining oqizilishini tartibga solishi va umumiy suv resurslarining yanada ifloslanishining oldini olishi lozim. Diplomatik muzokaralar real vaqt rejimida suv monitoringi texnologiyalari bilan qoʻllab-quvvatlanishi kerak, bu esa atrof-muhitni boshqarishda shaffoflik va javobgarlikni taʼminlaydi.

Konchilik loyihalari qatʼiy ekologik standartlarga javob berishi shart. Kompaniyalarga faqat atrof-muhitga taʼsirni toʻliq baholashdan oʻtgandan soʻng ish yuritish uchun ruxsat berilishi kerak. Barqarorlik talablarini buzganlar moliyaviy jazolarga tortilishi lozim — Oʻzbekiston ekologik salomatlikni daromaddan ustun qoʻyishi kerak.

Oʻzbekiston ifloslanishni kamaytirish uchun zamonaviy, suvni tejovchi konchilik texnologiyalariga sarmoya kiritishi lozim. Kanada va Avstraliya kabi mamlakatlar suvni qayta ishlash tizimlari, quruq chiqindi omborlari va ilgʻor filtrlash texnologiyalarini qoʻllash orqali kon qazib olish jarayonini yanada toza va samarali qilgan.

Mintaqaviy hamkorlik ustuvor yoʻnalishga aylanishi kerak. Markaziy Osiyoda suv mojarolari yangilik emas, biroq Oʻzbekiston resurslarni yanada barqaror boshqarish yoʻnalishida yetakchi boʻlishi mumkin. Davlatlararo suvni muvofiqlashtirish komissiyasi kabi tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash adolatli resurs taqsimoti va atrof-muhitni muhofaza qilishda muhim rol oʻynaydi.

Oʻzbekiston ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlashga sarmoya kiritishi lozim. Agar mamlakat faqat xomashyo yetkazib beruvchi davlat sifatida qolishni istamasa, barqaror konchilik amaliyotlari boʻyicha mutaxassislarni yetishtirishi kerak. Universitetlar, texnologiya kompaniyalari va sanoat yetakchilari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi natijasida mahalliy mutaxassislar masʼuliyatli qazib olish texnikalarini joriy eta oladi.

Shuningdek, jamoatchilik ishtirokini taʼminlash zarur. Yirik konchilik loyihalarini tasdiqlashdan oldin ochiq eshituvlar va mahalliy aholi bilan maslahatlashuvlar odatiy amaliyotga aylanishi kerak. Fuqarolik jamiyati guruhlari va ekologik tashkilotlar Oʻzbekiston kelajagini belgilovchi siyosatlarni shakllantirishda faol ishtirok etishi lozim.

Masala endi Oʻzbekiston oʻzining strategik minerallar sektorini rivojlantirishi kerakmi-yoʻqmi, degan savolda emas, balki buni qanday amalga oshirishi kerakligida. Sirdaryo inqirozi va Orol dengizi falokati ogohlantiruvchi saboqlardir. Agar Oʻzbekiston suv ifloslanishi muammolarini hozirdan hal qilmasa, oqibatlar qaytarib boʻlmaydigan darajada boʻladi. Bu – resurslarni masʼuliyat bilan boshqarish, innovatsiya va hamkorlikni ustuvor qoʻyish uchun noyob imkoniyatdir.

Strategik siyosatlar va barqaror rivojlanish bilan Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda masʼuliyatli konchilik boʻyicha yetakchi boʻlishi hamda toza energiya kelajagi uchun muhim minerallarni global yetkazib beruvchi sifatida oʻz oʻrnini mustahkamlashi mumkin.

Kelgusi oʻn yilliklarda strategik minerallarga boʻlgan talab faqat ortib boradi. Bugun qabul qilinayotgan qarorlar Oʻzbekistonning iqtisodiy kelajagi va ekologik merosini belgilaydi. Endi hukumat, biznes va fuqarolik jamiyati birgalikda harakat qilib, mamlakatning kon sanoati rivojlanishi uzoq muddatli farovonlikka olib kelishini va qaytarib boʻlmaydigan zararlar bilan yakunlanmasligini taʼminlashi zarur.

Oʻzbekistonning strategik minerallar bozoridagi kelajagi porloq, lekin faqat barqarorlik uning strategiyasini asosiy tamoyiliga aylangandagina.