2024 yilda koʻchmas mulk boʻyicha tuzilgan bitimlar soni biroz kamaydi. Xususan, Navoiy, Toshkent, Buxoro, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida koʻchmas mulk xaridi boʻyicha bitimlar soni pasaymoqda.
Oʻzbekistonda 2024 yilda koʻchmas mulk boʻyicha tuzilgan bitimlar soni biroz kamaydi. Bu haqda Markaziy bankning Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish departamenti tomonidan oʻtgan yilning toʻrtinchi choragi yakunlari boʻyicha koʻchmas mulk bozori tahlilida keltirilgan.
Qayd etilishicha, aksariyat hududlarda faollik yo pasaygan yoki avvalgi yillar darajasida saqlanib qolgan. Natijada koʻchmas mulkka boʻlgan talab barqarorlashdi va uy-joy narxlari ancha moʻtadil surʼatlarda oʻsgan.
Oktabr-dekabr oylarida bozor faolligi biroz tezlashib, uchinchi chorakdagi oʻrtacha oʻsish davom etgan. Masalan, toʻrtinchi chorak yakunlariga koʻra, koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlar soni 81,8 mingtani (+5,6 foiz) tashkil etgan. Biroq oʻtgan yili tuzilgan oldi-sotdi bitimlari soni 2,2 foizga — 329 ming donaga kamaygan.
Navoiy, Toshkent, Buxoro, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida bitimlar sonining pasayishi davom etgan. Sirdaryo, Fargʻona, Qashqadaryo viloyatlarida faollik deyarli 2023 yildagi darajada saqlanib qolgan. Boshqa hududlarda esa biroz oʻsish kuzatilgan.
Toʻrtinchi chorakda koʻchmas mulk bilan tuzilgan shartnomalar sonining oylik dinamikasida ijobiy oʻsish surʼatlariga oʻtish kuzatilgan.
Koʻchmas mulk bozorida talab va faollikni qoʻllab-quvvatlovchi asosiy ijtimoiy-demografik va iqtisodiy omillar saqlanib qolganiga qaramay, oʻtgan yili ipoteka kreditlari oʻsishining nisbatan past surʼatlari, uy-joy qurilishi va foydalanishga topshirishning nisbatan yuqori oʻsishi hamda talabning biroz toʻyinishi koʻchmas mulk narxlarining shakllanishida ustunlik qildi va uy-joy narxining oʻsish dinamikasiga pasaytiruvchi hissa qoʻshdi, — deya xulosa qilgan Markaziy bank tahlilchilari.