O‘zbekiston Energetiklari milliy assotsiatsiyasi delegatsiyasi amaliy safar bilan Belarusda bo‘ldi.
Safar davomida «VOLMA» resurs ekotexnoparki, Respublika kasb-hunar ta’limi instituti, Davlat standarti energiya samaradorligi kafedrasi, Power Green Limited kompaniyasi, Soft Club xalqaro IT kompaniyasi va boshqalarda uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida davlat infratuzilmasi barqarorligi va energiya samaradorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Suvni tozalash, suv ta’minoti, elektr, gaz, issiqlik ta’minoti, shuningdek, kanalizatsiya va markaziy isitish tizimlari faoliyati bilan bog‘liq asosiy vazifalar muhokama qilindi. Quvurlar korroziyasi muammosi o‘rganildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Energetiklari milliy assotsiatsiyasi, «VOLMA» ekotexnoparki va Respublika kasb-hunar ta’limi instituti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, Respublika kasb-hunar ta’limi instituti bilan 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash va hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bragin shahridagi quyosh elektr stansiyasiga tashrifi chog‘ida yurtimiz delegatsiyasi vakillari stansiyaning texnik xususiyatlari, energiya saqlash yechimlari va atrof-muhit monitoringiga yondashuvlar bilan tanishdi. Yevropa standartlari bo‘yicha quyosh elektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanish tajribasi o‘rganildi.
Tomonlar «yashil» energetika sohasidagi hamkorlik istiqbollarini, jumladan, O‘zbekistonda ham ana shunday loyihalarni amalga oshirish uchun Belarus tajribasini tatbiq etish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Bundan tashqari, PV CONSULT LTD. va Soft Club kompaniyalari bilan O‘zbekiston energetika sohasini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvlar yakunida tomonlar energetika sohasiga xususiy va davlat moliyaviy vositalarini, jumladan, mikroinvestitsiyalarni jalb qilish uchun qurilish va energetika sohalarida pilot loyihalarni ishga tushirish hamda ICO mahsulot yechimlaridan foydalanish bo‘yicha harakatlar rejasini belgilab oldi.