O‘zbekiston Markaziy banki aprel oyida 11 tonna qimmatbaho metall sotgan holda jahonda eng ko‘p oltin sotuvchisi bo‘ldi, deya ma’lum qildi Jahon oltin kengashi.
2025 yilning aprel oyida O‘zbekiston eng yirik oltin sotuvchisi bo‘ldi, deya xabar bermoqda Jahon oltin kengashi (WGC).
Aprelda markaziy banklarning sof oltin xaridlari 12 tonnani tashkil etgan. Bu mart oyiga nisbatan 12 foizga kam.
Xaridlar bo‘yicha yetakchi Polsha Milliy banki bo‘lib, o‘z zaxiralarini 12 tonnaga oshirgan holda 509 tonnagacha yetkazgan.
Shuningdek, yirik xaridlar Chexiya Milliy banki (+3 tonna), Xitoy Xalq banki (+2 tonna), Turkiya Markaziy banki (+2 tonna), Qirg‘iziston Milliy banki (+2 tonna), Qozog‘iston Milliy banki (+1 tonna) va Iordaniya Markaziy banki (+1 tonna) tomonidan amalga oshirilgan.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Markaziy banki oltin zaxiralari hajmini yana 11 tonnaga kamaytirdi. Yil boshidan beri zaxiralar 26 tonnaga qisqarib, 356 tonnagacha pasaygan.