2025 yil Markaziy Osiyoda suv tanqis bo‘lgan yil ekani ta’kidlanmoqda.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston 600 mln kub suvni Qozog‘istonga yo‘naltiriladi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Qanat Bozumbayev ma’lum qildi.

Jurnalistlarning mamlakatlar o‘rtasida suv tanqisligini qoplash bo‘yicha kelishuvlar to‘g‘risidagi savoliga javob berar ekan, u 2025 yil Markaziy Osiyoda suv tanqis bo‘lgan yil ekanini ta’kidladi. Jumladan, Turkiston va Qizilo‘rda viloyatlarini suv bilan ta’minlovchi Sirdaryoning asosiy o‘zani oqimi 30-40 foiz darajasida.

Anomal yuqori harorat tufayli dehqonchilik ehtiyojlari uchun suv sarfi me’yori oshgani, ammo suv hajmi sezilarli darajada past bo‘lgani qayd etildi.

Bozumbayevning aniqlik kiritishicha, bosh vazir O‘ljas Bektenov Oltoyga Xalqaro ekologik konferensiyaga safari chog‘ida qirg‘izistonlik va o‘zbekistonlik hamkasblari bilan suv tanqisligini qoplash bo‘yicha kelishuvlar masalasini muhokama qilgan. So‘ngra barcha zarur maslahatlashuvlar o‘tkazilgan.

«O‘tgan haftada ular bizga suv yetkazib berish jadvalidan bir milliard kub metrdan ko‘proq ortda qolishdi. Kelgusi ikki haftada, ya’ni shu kundan boshlab, 600 million kub metrga yaqin suvni biz tomonga yo‘naltirishga kelishib oldik. Bizda vegetatsiya davri avgust oyida tugaydi. O‘ylaymizki, keskin vaziyatga qaramay, umuman olganda, undan talafotsiz o‘tishga harakat qilamiz. Shaxsan o‘zim Turkiston viloyatini aylanib chiqdim, ko‘plab tumanlarda, suv omborlarida bo‘ldim, fermerlar bilan uchrashdim. Sug‘orish suvidan foydalanadigan deyarli barcha tumanlarni aylanib chiqdim, Qizilo‘rda viloyatini ham aylanib chiqdim. Vaziyat keskin, ammo bundan ham yomonroq yillar bo‘lgan», dedi Bozumbayev.

Uning ta’kidlashicha, suv bilan ta’minlash nuqtai nazaridan hosil yaxshi bo‘ladi. Vaziyat kundalik nazoratga olingan va ko‘rilgan tezkor choralar uni sezilarli darajada barqarorlashtirdi, deb ta’kidladi bosh vazir o‘rinbosari.