Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad bo‘yicha rivojlangan davlatlarga (14 ming dollar) yetib olish uchun Qozog‘iston va Turkmanistonga qariyb 40 yil, Qirg‘izistonga 70 yil, O‘zbekiston va Tojikistonga esa 100 yildan ortiqroq vaqt kerak, deyiladi Jahon banki hisobotida. O‘zbekiston bu marraga Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng oxirgi bo‘lib yetishi mumkin.
Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha “Tadbirkorlik, texnologiya va innovatsiyalar orqali o‘sishni tezlashtirish” nomli hisobot e’lon qildi. Unda ushbu mintaqadagi rivojlanayotgan davlatlar qancha muddatda aholi jon boshiga daromad bo‘yicha yuqori daromadli davlatlar darajasiga yetishiga oid prognoz o‘rin olgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng so‘nggi bo‘lib bu maqsadga erishishi mumkin.
Bank 2023 yildagi yuqori daromadli davlatlardagi aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad – 14 005 dollarni target qilib olgan. Prognozlarga ko‘ra, bu chegaraga Qozog‘iston va Turkmaniston 40 yilda, Qirg‘iziston 70 yil, O‘zbekiston va Tojikiston 100 yildan ko‘proq vaqtda yetishi mumkin.
Bu prognozga mintaqa davlatlarining oxirgi 10 yildagi o‘rtacha iqtisodiy o‘sishi asos bo‘lgan. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tushuntirishicha, 10 yillik davr olinganda pandemiyadagi pasayish, shuningdek davr boshida Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston (daromadlari)da kuzatilgan chuqur pasayishlar o‘rtacha o‘sishga sezilarli ta’sir qilgan.
“Agar daromadlarning (jon boshiga GNI) pandemiyadan keyingi davrdagi o‘rtacha o‘sishini olsak, hisob-kitoblarimga ko‘ra, jon boshiga daromadlar Qozog‘istonda 2026 yilning o‘zida 14 ming dollarlik darajadan o‘tadi. Shuningdek, Turkmaniston 2034 yilda, Tojikiston 2037 yilda, O‘zbekiston esa 2042 yilda bu darajadan o‘tishi mumkin. Ya’ni O‘zbekiston baribir mintaqada bu darajaga eng oxirgi yetadigan mamlakat bo‘ladi (so‘nggi 4 yildagi o‘rtacha o‘sish bilan)”, – deydi u.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 896,3 trillion so‘mni tashkil etgan. Nominal ko‘rinishda o‘sish 18,5 foizga, real o‘sish sur’ati esa (inflatsiya hisobiga) 8,1 foiz bo‘lgan. Aholi jon boshiga umumiy daromadlar 16,1 foiz (inflatsiya hisobiga 5,9 foiz) – yiliga 20 mln so‘mdan 24,1 mln so‘mgacha (oyiga 2 mln so‘m) oshdi. Dollarning o‘rtacha yillik kursi 12500 so‘m deb olinsa, bu miqdor 1,6-1,9 ming dollarni tashkil qilgan.
Jahon banki hisobotidagi boshqa muhim tezislar
Jahon banki 2025 yilda (2026 yilda ham) O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 5,9 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilgan.
2024 yilda Rossiyadan shaxsiy pul o‘tkazmalari hisobiga O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari oqimi 30 foizga o‘sib, qariyb 15 milliard dollarga yetdi.
Markaziy Osiyo va G‘arbiy Bolqondagi aksariyat mamlakatlarda pul o‘tkazmalari yalpi ichki mahsulotning o‘ndan biridan ko‘prog‘ini tashkil etib, uy xo‘jaliklariga katta yordam beradi.
Pul o‘tkazmalarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi Tojikistonda deyarli 40 foizni, Qirg‘iziston Respublikasida 20 foizdan ko‘proqni va Kosovoda qariyb 18 foizni tashkil etadi. Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘rtacha ko‘rsatkich – 7 foiz. Pul o‘tkazmalarisiz Markaziy Osiyoda kambag‘allik darajasi ancha yuqori bo‘lar edi. Xususan, pul o‘tkazmalari bo‘lmaganda, O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasi 2 baravar yuqori bo‘lardi. O‘zbekiston xorijdan pul o‘tkazmalari miqdori bo‘yicha dunyoda o‘ninchi o‘rinda turadi.
O‘zbekiston va Moldovaning fiskal pozitsiyalari sezilarli darajada yaxshilandi. O‘zbekistonda budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 foizdan ko‘proqqa qisqardi va 2024 yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,3 foizni tashkil etdi, bu ko‘p jihatdan energiya subsidiyalarining qisqarishi hisobiga sodir bo‘ldi.