O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarni tashkil etish va litsenziyalash tartibi rasman belgilandi. Markaziy bank boshqaruvining tegishli qarori 20-iyuldan kuchga kirdi.

Islombank

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi tartib tadbirkorlik subyektlariga alohida islomiy banklar tashkil etish, shuningdek, amaldagi tijorat banklariga “islomiy darcha”lar ochish uchun huquqiy asos yaratadi.

Islomiy banklar qanday ishlaydi?

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, islomiy bank faoliyati bank qonunchiligi va islomiy moliya standartlari asosida amalga oshiriladigan moliyaviy xizmatlar majmui hisoblanadi.

Bunday faoliyatni yuritish uchun banklar maxsus litsenziya olishi shart.

Banklarga qanday talablar qo‘yiladi?

Yangi tartibga ko‘ra, islomiy bank yoki “islomiy darcha” tashkil etishda bir qator majburiy talablar belgilangan.

Jumladan:

  • Islomiy moliya kengashi a’zolari Markaziy bank bilan kelishilgan bo‘lishi;
  • islomiy bank faoliyatiga mas’ul rahbar xodim tayinlanishi;
  • islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati ishlab chiqilishi lozim.

Islomiy moliya kengashi kamida 3 a’zodan iborat bo‘ladi

Nizomga ko‘ra, bank huzuridagi Islomiy moliya kengashida kamida uch nafar a’zo bo‘lishi kerak.

Rais va uning o‘rinbosari islomshunoslik yoki mazkur fanlar o‘qitilgan mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishi shart. Qolgan a’zolar esa moliya-iqtisod, huquq yoki islomshunoslik yo‘nalishlarida oliy ma’lumotli bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari:

  • islom huquqi bo‘yicha mutaxassislar kamida 5 yillik tajribaga;
  • moliya yoki huquq sohasidagi ekspertlar kamida 7 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.

Arab tilini bilish va xalqaro sertifikat talab qilinadi

Talablarga ko‘ra, kengashdagi barcha islom huquqi mutaxassislari arab tilini bilishi, islom huquqiga oid birlamchi manbalarni o‘qib, sharhlay olishi lozim.

Shuningdek, kamida bitta a’zo (2027-yil 1-iyuldan esa barcha a’zolar) Accounting and Auditing Organization for Islamic Financial Institutions (AAOIFI) tomonidan berilgan xalqaro sertifikatlardan biriga ega bo‘lishi talab etiladi.

Rahbarlarga ham alohida malaka talablari qo‘yildi

Islomiy bank faoliyatiga mas’ul rahbar xodim:

  • bank yoki moliya tizimida kamida 7 yillik tajribaga;
  • moliya-iqtisod yoki islom moliyasi bo‘yicha oliy ma’lumotga;
  • AAOIFI sertifikatlaridan biriga ega bo‘lishi kerak.

Yangi qaror bilan yana bir byurokratik talab bekor qilindi. Endilikda Markaziy bank bilan kelishilgan rahbar xodim ish boshlaganidan keyin bu haqda 5 ish kuni ichida alohida yozma xabarnoma yuborish majburiyati mavjud bo‘lmaydi.

Islomiy moliya bozorini rivojlantirishdagi navbatdagi qadam

Mazkur qaror loyihasi joriy yil iyun oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Muhokamalar yakunlari asosida hujjat takomillashtirilib, qabul qilindi.

Markaziy bankga ko‘ra, ushbu tartibning kuchga kirishi O‘zbekistonda islomiy bank xizmatlarini joriy etish va islomiy moliya bozorini tizimli rivojlantirish yo‘lidagi muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.

Mutaxassislar fikricha, yangi mexanizm aholining foizsiz moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda islomiy moliya instrumentlarini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.