O‘zbekistonda 2025-yilning birinchi yarmida o‘rtacha oylik ish haqi 5 982,3 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,2 foizga o‘sdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
2025-yilning birinchi yarmidagi xulosalarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha nominal (soliq va boshqa to‘lovlarni o‘zi ichiga olgan) oylik ish haqi 5 mln 982 ming so‘mni tashkil etdi (2024-yilning birinchi yarmida 4 mln 965 ming so‘m bo‘lgan).
Joriy yil yanvar–iyun oylarida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi doimgidek Toshkent shahrida kuzatilgan — 10,1 mln so‘m. Keyingi o‘rinlarda Navoiy (7,5 mln so‘m), Toshkent (5,7 mln so‘m), Andijon (4,9 mln so‘m) hamda Buxoro (4,8 mln so‘m) viloyatlari qayd etilgan.
Eng kam o‘rtacha ish haqi Namangan (4,3 mln so‘m), Surxondaryo (4,3 mln so‘m), Qashqadaryo (4,1 mln so‘m) viloyatlarida kuzatilgan.
Ish haqining eng yuqori o‘sish surʼatlari Toshkent shahri (18,8 foiz), Sirdaryo (18 foiz), Jizzax (17 foiz), Farg‘ona (16,9), Namangan (16,6 foiz) va Surxondaryo (16,1 foiz) viloyatlarida bo‘lgan.
Joriy yilning dastlabki yarim yilligida quyidagi sohalarda o‘rtacha oylik ish haqi eng baland darajada to‘langan:
- bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati — 16,2 mln so‘m;
- axborot va aloqa sohasi — 14,8 mln so‘m;
- tashish va saqlash sohasi — 9 mln so‘m;
- sanoat sohasi — 7,2 mln so‘m.
Eng yuqori o‘sish surʼatlari sanʼat, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida qayd etilgan. Xususan, bu sohada 2024-yilning mos davriga nisbatan o‘sish surʼati 20,7 foizni tashkil qilgan, ish haqi miqdori esa 5 million so‘mga yetgan.
Shuningdek, taʼlim yo‘nalishlarida ham sezilarli o‘sish surʼati kuzatilib, ish haqi miqdori 4 million 141,8 ming so‘mni tashkil etib — 18,3 foizga, axborot va aloqa sohasida ish haqi miqdori 14 million 785,8 ming so‘mni tashkil etib — 17,0 foizga, tashish va saqlash sohasida o‘rtacha ish haqi 9 million so‘mni tashkil etib — 16,0 foizga o‘sish kuzatilgan.
Shunga qaramay, ta’lim va sog‘liqni saqlash respublikadagi eng kam ish haqi to‘lanuvchi sohalar qatorida qolmoqda. Soha xodimlari o‘rtacha ish haqidan kam maosh olishda davom etmoqda.