O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar—sentabr oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 million 274,1 ming so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga ko‘p.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar—sentabr oylarida o‘rtacha ish haqi 6 million 166,2 ming so‘m bo‘lgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 5 million 172,1 ming so‘mni, 2023-yilda 4 million 424,2 ming so‘mni, 2022-yilda esa 3 million 734,5 ming so‘mni tashkil etgan.

Hududlar orasida eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etilgan — 12 million 300,8 ming so‘m. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati (8 million 820,5 ming so‘m) va Toshkent viloyati (6 million 889,9 ming so‘m) turibdi.

Eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida 4 million 969,7 ming so‘mni, Surxondaryo viloyatida esa 4 million 988,9 ming so‘mni tashkil qilgan. Samarqand viloyatida o‘rtacha ish haqi 5 million 373,4 ming so‘m, Farg‘onada 5 million 383,3 ming so‘m, Namanganda 5 million 395,9 ming so‘m bo‘lgan.

Ish haqining eng yuqori o‘sish sur’ati Namangan viloyatida kuzatilgan — 20,3 foiz. Jizzax viloyatida o‘sish 19,8 foizni, Toshkent viloyatida 19,1 foizni tashkil etgan. Eng past o‘sish Samarqand viloyatida qayd etilgan — 11,5 foiz.

Qaysi sohalarda ish haqi yuqori?

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ish haqi bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasida qayd etilgan — 19 million 712,6 ming so‘m. Axborot va aloqa sohasida bu ko‘rsatkich 17 million 6,9 ming so‘m, tashish va saqlash sohasida 11 million 269,2 ming so‘m bo‘lgan.

Sanoatda o‘rtacha ish haqi 8 million 365,9 ming so‘mni, savdoda 7 million 694,4 ming so‘mni, qurilishda esa 7 million 138,1 ming so‘mni tashkil etgan.

Eng past o‘rtacha ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida qayd etilgan — 4 million 454,2 ming so‘m. Ta’lim sohasida bu ko‘rsatkich 5 million 15,2 ming so‘m bo‘lgan.

Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim xodimlarining o‘rtacha ish haqi 11 million 520,5 ming so‘mni tashkil etgan. Umumiy o‘rta ta’limda bu miqdor 4 million 791,4 ming so‘m, maktabgacha ta’limda esa 2 million 846 ming so‘m bo‘lgan.

Mediana ish haqi 4,16 million so‘mni tashkil etdi

Milliy statistika qo‘mitasining eksperimental hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar—avgust oylarida mediana ish haqi 4 million 166,3 ming so‘m bo‘lgan.

Mediana ish haqi xodimlarning yarmi undan kam, qolgan yarmi esa undan ko‘p maosh oladigan miqdorni anglatadi.

Hududlar kesimida mediana ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida — 6 million 791,2 ming so‘m, eng pasti esa Sirdaryo viloyatida — 2 million 998,4 ming so‘m bo‘lgan. Qo‘mita bu ko‘rsatkich sakkiz oylik davr uchun hisoblanganini, shu sababli uni yanvar—sentabr oylaridagi o‘rtacha ish haqi bilan bevosita taqqoslab bo‘lmasligini qayd etgan.

Ma’lumotlar kichik korxonalar, mikrofirma va qishloq xo‘jaligi korxonalarini hisobga olmagan holda shakllantirilgan. Nominal hisoblangan ish haqi soliqlar va boshqa to‘lovlarni ham o‘z ichiga oladi.