Prezident Shavkat Mirziyoyevning 6-maydagi farmoni bilan Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi hamda uning hududiy bo‘limlari tashkil etilishi belgilandi.

Nh

Hujjatga ko‘ra, agentlik to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida yagona davlat siyosatini yuritishga mas’ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.

To‘lovga qobiliyatsizlik — sud tomonidan e’tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘liq qanoatlantirishga va yoki soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishga qodir emasligi hisoblanadi.

Farmonda agentlikning asosiy vazifalari ham belgilab berilgan. Jumladan, u:

— to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, sohani nazorat qilish va tartibga solish;

— davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

— to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish hamda ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni soddalashtirish bilan shug‘ullanadi.

Mazkur agentlikni tashkil etish tashabbusi aprel oyida prezidentga to‘lovga qobiliyatsizlik institutini takomillashtirish va moliyaviy ahvoli og‘ir tadbirkorlik subyektlarini sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar taqdim etilganida ilgari surilgandi.

Taqdimotda faoliyat ko‘rsatmayotgan va tugatilgan kichik korxonalar soni ortayotgani, amaldagi tizim esa korxonalarni saqlab qolish va qayta tiklashdan ko‘ra, ularning faoliyatini rasmiy tugatishga ko‘proq yo‘naltirilgani qayd etilgan.

Shuningdek, moliyaviy ahvoli og‘irlashgan 93 mingta tadbirkorning atigi 10 mingtasi bo‘yicha to‘lovga qobiliyatsizlik ishlari qo‘zg‘atilgani ta’kidlangan.

Mutasaddilarga ushbu institutni xalqaro tajriba asosida takomillashtirish, sohaga zamonaviy boshqaruv, samarali sanatsiya mexanizmlari va raqamli yechimlarni joriy etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.