Aprel-iyun oylarida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 4,8 mlrd dollarni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,4 foiz o‘sish kuzatildi. O‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davri (38,6 foiz)ga nisbatan sekinlashdi. Boltiq davlatlaridan o‘tkazmalar 66 foizga oshdi.
2025 yilning II choragida mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga 4,8 mlrd dollar miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,4 foizga o‘sish qayd etildi. Bu Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan mehnat bozori sharhida keltiriladi.
2024 yilning II choragida pul o‘tkazmalaridagi o‘sish 38,6 foiz bo‘lgandi.
“Joriy dinamikaning shakllanishi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi mamlakatlarda valuta kurslarining nisbatan barqarorligi, ish haqining oshishi va iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari bilan bog‘liq”, – deyiladi relizda.
Boltiq davlatlari, Yevropa va boshqa mintaqalardan o‘tkazmalar hajmi o‘sish sur’ati qolgan mintaqalarga nisbatan yuqoriroq saqlanib qolmoqda. Bunda, ayniqsa Boltiq davlatlaridan pul o‘tkazmalarining sezilarli oshishi kuzatilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 65,6 foizga o‘sdi.
Shuningdek, mazkur davrda AQSh, Rossiya va Yevropadan jo‘natilgan pul o‘tkazmalari o‘sishining pasayishi (mos ravishda 10,3, 23,7 va 26,9 foizgacha) kuzatilgan bo‘lsa, Osiyodan o‘tkazmalarning barqarorlashuvi saqlanib qoldi.
Sharhda keltirilishicha, tashqi bozorda, xususan Rossiya, Yevropa va Boltiq davlatlarida kuzatilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar hamda mehnat muhojirlariga bo‘lgan talabning o‘sishi pul o‘tkazmalaridagi joriy dinamikaning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Bu, o‘z navbatida, mehnat muhojirlari oqimi yo‘nalishlari bosqichma-bosqich kengayayotganidan dalolat beradi.
Avvalroq Kun.uz Markaziy bankning ushbu hisobotiga tayanib O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi mintaqa davlatlariga nisbatan ortda qolayotgani haqida yozgandi. 2025 yilning aprel-iyun oylarida O‘zbekistonda ish haqining real o‘sish sur’ati 7,3 foizni tashkil etdi – bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo davlatlarida 9,8 foiz, ayrim Kavkaz davlatlarini hisobga olganda esa 9,1 foiz bo‘lgan.