Yashil energetika o‘tish O‘zbekiston uchun ham iqtisodiy, ham ekologik, ham geosiyosiy jihatdan katta ahamiyatga ega. Hukumat 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami iste’moldagi ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Bu boradagi imkoniyat va muammoli jihatlar nimada?
O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish energiya resurslariga nisbatan ehtiyojning ham oshib borishiga olib kelmoqda.
Respublikadagi elektr energiyasining juda katta qismi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Qurilmalarning eski ekani va elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz yoqilg‘isi yetishmasligi oxirgi yillarda tez-tez kuzatilayotgan noodatiy issiq va sovuq kunlarda taqchillikni yuzaga keltiryapti. Natijada qish oylarida o‘ng minglab tadbirkorlik sub’yektlarining tarmoqdan uzilishi va gaz quyish shoxobchalarida yuzaga keladigan uzun navbatlar odatiy holga aylanib qoldi.
2024 yilda O‘zbekiston Rossiya va Turkmanistondan 1,7 mlrd dollarlik gaz sotib oldi. Bu – 2023 yilga nisbatan 2,4 barobarga, 2022 yilga nisbatan 6 barobarga ko‘p.
Amalga oshirilayotgan loyihalar va kutilmalar
Pandemiyadan keyin O‘zbekiston o‘z energetika tizimini diversifikatsiya qilishga jiddiy kirishdi. Xususan, oxirgi 5 yilda energetika sohasida umumiy qiymati qariyb 30 mlrd dollarlik 50 ta bitim imzolangan. Ayni paytda respublikaning 10 ta viloyatida quvvati 4067 MW bo‘lgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 3 ta shamol elektr stansiyasi yashil energiya ishlab chiqaryapti.
2025 yilning 12 may holatiga, O‘zbekistonda yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 3 mlrd kWhni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich butun 2022 yil davomida 434 mln kWh, 2023 yilda 576,9 mln kWh, 2024 yilda esa 4 mlrd 860 mln kWh bo‘lgan.
O‘z navbatida, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami iste’moldagi ulushi 2023 yilda 15 foiz, 2024 yilda 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 25 foizga yetishi kutilyapti. Ushbu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 54 foizga yetishi prognoz qilingan.
Yashil energetikaga o‘tish nega muhim?
O‘zbekistonning iqtisodiy istiqbolini belgilab beruvchi eng muhim omillardan biri – energetik barqarorlik. Bu esa birinchi navbatda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarga bog‘liq. Chunki yashil energiya ulushining ortishi istiqbolda elektr energiyasi tannarxini ham pasaytirishi kerak.
Hukumat “take or pay” (ol yoki pulini to‘la) tamoyili asosidagi loyihalardan 3,5 sent va undan arzon narxlarda uzoq muddatli elektr energiyasi sotib olish kafolatini olgan shartnomalar tuzyapti. Rasmiylar tomonidan oxirgi marta ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning aprel oyida 1 kWh elektr energiyasining tannarxi qariyb 1000 so‘mni tashkil etgan. Narxlarni shakllantirishda ochiqlikning yo‘qligi hamda budjetdan tizimni subsidiyalashning davom etayotgani sharoitida, arzon energiya manbalari ulushining ortishi mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro energetika agentligining 2023 yilgi hisobotiga ko‘ra, ko‘plab mamlakatlarda yangi quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish, mavjud gaz yoki ko‘mir stansiyalarini ishlatishdan arzonroq bo‘la boshlagan. Texnologik taraqqiyot sabab ushbu tarmoqdagi narxlar yildan yilga pasayib boradi.
Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari minglab xonadonlarni elektr bilan ta’minlash barobarida atmosferaga ajraluvchi issiqxona gazlarini kamaytiradi.
Asosiy muammo nimada?
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, O‘zbekiston yashil energetikaga o‘tish bo‘yicha katta salohiyatga ega. Mamlakatda yiliga 300 dan ziyod quyoshli kunlar kuzatiladi, shamol energetikasi uchun esa qulay hududlar mavjud. Ya’ni tabiiy resurslar potensiali yuqori darajada. Bu boradagi asosiy muammo – energetika tizimidagi shaffoflikning yo‘qligi va mavjud resurslarni samarasiz boshqarish bilan bog‘liq.
E’tiborlisi, oxirgi yillarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratish bo‘yicha loyihalar investorlarga tendersiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida berilyapti. Hukumat vakillari buni vaqtdan yutish bilan izohlab keladi. Ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarlarda imzolanayotgan shartnomalardagi eng muhim band – narxlar ochiqlanmaydi.
Odatda elektr energiyasini sotib olish bitimlari xorijiy valutada tuziladi va milliy valutada keskin qadrsizlanish yuz bersa, hukumat zimmasiga tushadigan xarajat oshishi mumkin. O‘z navbatida, yildan yilga qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun texnologiyalarni ishlab chiqarish xarajatlari ham arzonlab boryapti.
Bu boradagi yana bir chaqiriq – O‘zbekistonning quruq iqlimi. Suv tanqisligi va yog‘ingarchiliklarning kamayishi ortidan qum bo‘ronlari va shunga o‘xshash tabiat hodisalari ko‘paydi. Bu esa quyosh panellarining ish faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, ish samaradorligini tushirib yuborishi mumkin.