O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi (AICA) rahbariyati va vazirlik departamentlari o‘rtasida hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyotga joriy
etish, davlat boshqaruvida raqamli innovatsiyalarni kengaytirish va IT-ekotizimni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Xususan, unda iqtisodiy jarayonlarni optimallashtirish, moliyaviy tahlillarni avtomatlashtirish va sun’iy intellekt yordamida samarali boshqaruv tizimlarini ishlab chiqish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi (AICA) – Markaziy Osiyo mintaqasida sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish, mutaxassislar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion ekotizim yaratish maqsadida tashkil etilgan xalqaro platformadir.
Shundan kelib chiqib, mazkur uchrashuv sun’iy intellekt sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda O‘zbekistonda raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Muzokaralar yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish va innovatsion texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga integratsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.