1991 yilda qabul qilingan va asosan davlat manfaatini himoya qilishga qaratilgan “Ijara to‘g‘risida”gi qonun yangilanadigan bo‘ldi. Kelasi yildan boshlab davlat aktivlari 5 yilga ijaraga beriladi va faqat ikkita holatda: agar ijarachi o‘zi xohlasa yoki majburiyatini bajarmasagina shartnoma bekor bo‘ladi.

O‘zbekistonda 2026 yildan boshlab davlat aktivlari 5 yilga ijaraga beriladi. Bunda, agar ijarachi o‘zi xohlasa yoki majburiyatini bajarmasagina shartnoma bekor bo‘ladi.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 1991 yilda qabul qilingan “Ijara to‘g‘risida”gi qonun asosan davlat organlari manfaatini himoya qilishga qaratilgan. Shu bois ijaraga beruvchi va ijarachi huquqlarini birdek himoya qiladigan yangi tahrirdagi qonun ishlab chiqiladi.

Hududlarda sanoat infratuzilmasini yaxshilashga bu yil 1,7 trillion so‘m ajratildi. Kelgusi yilda bu xarajatlar 25 foizga oshirilib, 2,1 trillion so‘mga yetkaziladi. Bundan tashqari, poytaxtda tadbirkorlar soni kundan-kunga oshib borayotganini inobatga olib, elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun yana 2 trillion so‘m beriladi.

Korxonasiga tashqi infratuzilmani o‘z hisobidan qilayotgan tadbirkorlar ko‘paymoqda. Endi ularning bu xarajati soliq bazasidan chegirib tashlanadi.

16 ta tumanni jadal rivojlantirishga bu yil jami 1,1 trillion so‘m ajratildi. Bunday yondashuvlarni Jahon banki ham e’tirof etib, 250 million dollar bermoqda.

Kelgusida yana 500 million dollar hisobiga boshqa tumanlarda ham bu ishlar amalga oshiriladi. Bu sanoat, servis, qurilish sohalaridagi tadbirkorlarga katta imkoniyat, yuz minglab ish o‘rinlari yaratish uchun sharoit bo‘ladi.