2025 yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti va issiq suv tariflari aholi uchun 15 foizga, yuridik shaxslar uchun 40 foizga, budjet tashkilotlari uchun esa 19 foizga oshishi mumkin.
Toshkentda issiqlik va issiq suv ta’minoti uchun tariflar yana oshirilishi rejalashtirilyapti. Bu haqda xalq deputatlari shahar kengashining 12 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardayevaga tayanib, Gazeta.uz xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt aholisi bazaviy tarifning atigi 18 foizini to‘laydi, qolgani esa shahar budjetidan subsidiyalar shaklida qoplanadi. Hukumat 2030 yilgacha issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtiryapti.
Veolia Energy Tashkent kelgusi besh yil ichida tariflarni 100 foiz iste’molchilar to‘lashiga erishishni maqsad qilgan.
«2019 yilda (Veolia bilan) davlat-xususiy sheriklik dasturi tuzilganda, har yili narxlarni kamida 30 foizga oshirish nazarda tutilgan. Lekin amalda 2022 yildan e’tiboran boshlaganmiz. Va shunda birinchi marta 2024 yilda 30 foizga oshirishga erishishimiz kerak edi. Oldingi yili ikki marta 15 foizdan aholiga tarif oshirilgan», dedi kompaniya rahbari.
2025 yil 1 oktyabrdan aholi uchun issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflarini 15 foizga oshirish taklif qilinmoqda. Ayni paytda ko‘p qavatli turar joylarda yashovchi aholi uchun chakana savdo tarifi 121 617 so‘m/Gkalni (QQSsiz) tashkil qiladi. Takliflar ma’qullansa, narx 139 ming so‘mgacha oshadi.
«Shu bilan birga, 10 foiz bo‘lsa ham, davlat va boshqa yuridik korxona-iste’molchilarimiz bor. Biz analiz o‘tkazdik: Toshkentdagi tadbirkorlar butun respublikadagi tadbirkorlardan eng past tarifni to‘layotganini aniqladik», — deydi Veolia Energy Tashkent rahbari.
Pardayevaning tushuntirishicha, Toshkent shahrida tariflar tabaqalashtirilgan.
«Yuridik korxonalar to‘lamagan ulushni budjet korxonalari to‘lab beryapti. Bu ham yana davlatning yelkasiga tushayotgan yuk. Lekin shuni aytib o‘tish kerakki, bizda davlat korxonalaridagi tarif bilan yuridik shaxslar tarifi o‘rtasidagi tafovut judayam kattalashib ketgan. Butun respublikada bir xil deb hisoblanadi. Misol uchun, respublikaning boshqa hududlarida 500 000 so‘m bo‘lsa, davlat korxonasi ham 500 000 so‘mdan to‘laydi, sartaroshxona ham 500 000 so‘mdan to‘laydi. Lekin bizda hozir tafovut judayam katta. Joriy tarifimiz bo‘yicha, davlat korxonalari bir gigakaloriya uchun 801 000 so‘m to‘laydi, yuridik shaxslar esa 241 000 so‘m», — deya ta’kidlagan u.
Pardayevaning so‘zlariga ko‘ra, davlat korxonalari orasida tijorat tuzilmalari ham mavjud. «Ular, misol uchun, narxni oshiradigan bo‘lsa, davlat hozirgidek to‘lab bermaydi. Bu degani, ular ham o‘z narxini oshiradi va baribir bu yuk iste’molchiga boradi», — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘tgan yili kompaniya yuridik shaxslar uchun tariflarni 50 foizga oshirishni taklif qilgan, biroq bu taklif qabul qilinmagan va 15 foiz oshirish bilan cheklanilgan.
«Shuning asosida yil davomida 75 milliard [so‘m]ga yaqin yo‘qotish bo‘ldi, ya’ni zarar ko‘rdik. Endi uni boshqa masalalarni, boshqa xarajatlarni tartibga solib amalga oshirishga harakat qildik. Lekin o‘sha tartibda, ya’ni yildan yilga bunaqa amaliyotni oshiradigan bo‘lsak, bu noto‘g‘ri natijaga olib keladi, deb o‘ylayman. Bu yili yana 50 foiz oshirish masalasi bilan taklif kiritdik, lekin o‘shanda maslahatlashib, yuridik shaxslar uchun 40 foizga, davlat korxonalari uchun 19 foizga oshirish masalasi taklif qilindi», — dedi Veolia Energy Tashkent rahbari.
Yangi tariflar tasdiqlansa, yuridik shaxslar uchun narx 342,3 ming so‘mgacha, budjet tashkilotlari uchun esa 954,3 ming so‘mgacha oshadi.