Joriy yilning birinchi yarmida UzAuto Motors’ning sof foydasi 1,91 trln so‘mdan 1,38 trln so‘mga yoki 27,5 foizga qisqardi. Kompaniyaning O‘zbekiston bozoridagi ulushi ham 90,2 foizdan 82,2 foizgacha pasaygan. Bunga bir qancha omillar ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.
2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistondagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya – UzAuto Motors’ning umumiy daromadlari 21,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu – o‘tgan yilning mos davridagidan (23,4 trln so‘m) 9,5 foizga kam.
Hisobot davrida kompaniya sof foydasi 1,38 trln so‘m bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning dastlabki 6 oyiga nisbatan (1,91 trln so‘m) 27,5 foizga qisqargan. O‘z navbatida, mahsulot tannarxi 6,4 foizga pasayib, 17,8 trln so‘mni tashkil qilgan. Sotish rentabelligi 8,2 foizdan 6,5 foizgacha kamaygan.
E’tiborli jihati, II chorakda UzAuto Motors’ning moliyaviy holati sezilarli darajada yaxshilangan. Masalan, yanvar-mart oylarida kompaniyaning sof foydasi 2024 yilning mos davri bilan taqqoslanganda, 1,3 trln so‘mdan 637 mlrd so‘mga yoki 2 barobarga qisqargandi. Aprel-iyun oylarida mazkur ko‘rsatkich 619 mlrd so‘mdan 759 mlrd so‘mga ko‘paygan. Bunga 2025 yil 1 maydan boshlab import qilinadigan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi keskin oshirilishi fonida mahalliy avtomobillarga talabning tiklana boshlagani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Ichki bozorda sotuvlar qisqardi
2025 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonda “ishlab chiqaruvchi” deb hisoblanuvchi 7 ta kompaniya jami 135 922 dona avtomobil sotgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davridagi sotuvlardan (158 474 dona) 22,5 mingtaga kam. Bu qisqarish Chevrolet avtomobillarining savdosi 142 891 donadan 111 830 donaga (qisqarish – 31 061 dona) pasayishi fonida yuz bergan.
Natijada UzAuto Motors’ning O‘zbekiston bozoridagi ulushi 90,2 foizdan 82,2 foizga tushgan. Kompaniyaning ichki sotuvlari kamayishiga quyidagi omillar ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
Birinchidan, ichki bozorda zaif bo‘lsa-da raqobat va tanlov imkoniyati paydo bo‘la boshladi. Masalan, 2024 va 2025 yillarning dastlabki 5 oyini taqqoslaganda, Kia sotuvi 56 foizga, BYD sotuvi 39 foizga, Cherry sotuvi 14 foizga, Haval sotuvi esa qariyb 4 barobarga oshgan. Ya’ni shartli Tracker olishni reja qilgan iste’molchi oldida Kia Sonet tanlovi ham bor.
Ikkinchidan, metan narxlarining oshib borayotgani va sovuq kunlarda yuzaga keladigan uzun navbatlar, propan narxining beqarorligi, benzinning qimmatligi fonida ayrim iste’molchilar elektromobil yoki gibrid mashina xarid qilishni afzal ko‘ryapti. Jumladan, BYD Song Plus Champion, BYD Chazor, BYD Yuan Up kabi zamonaviy mashinalarning sotuvi oshib boryapti.
Uchinchidan, ichki bozorning to‘yina boshlagani ortidan bir necha oydan beri ikkilamchi bozorda avtomobillarning narxlari arzonlashyapti. Odamlar mashinaga investitsion aktiv sifatida qarashni to‘xtatib, ortiqcha mablag‘ini boshqa sohalarga yo‘naltirishni boshladi.